Adolat va shaffoflik sari muhim qadam
Bugungi kunda mamlakatimizda soliq tizimida shaffoflikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va halol raqobat muhitini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Navoiy viloyat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Muhammad Abdullayev tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida quyidagilarni gapirib berdi:
- Yurtimizda soliq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotda ochiqlik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, soliq bazasini tovarlarning bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlash tartibining joriy etilishi bu boradagi muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-mayda qabul qilingan “Soliq bazasini tovarlarning bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Soliq bazasini ayrim tovarlarning bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda yog‘och mahsulotlari bo‘yicha soliq bazasini bozor qiymatidan kelib chiqqan holda belgilash tartibini nazarda tutadi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida 2026-yil 1-yanvardan boshlab ko‘chmas mulk ob’ektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasini bozor bahosi asosida aniqlash tartibi joriy etildi. Bu esa iqtisodiyotda yashirin aylanmalarni qisqartirish va bozor munosabatlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi Nizomga ko‘ra, soliq organlari tomonidan qo‘llaniladigan bozor narxi erkin bozorda mustaqil tomonlar o‘rtasida shakllangan narx sifatida e’tirof etiladi. Agar soliq to‘lovchi tomonidan hisob hujjatlarida ko‘rsatilgan narx bozor narxidan 20 foizdan ortiq past yoki yuqori bo‘lsa, ushbu holat soliq organlari tomonidan tahlil qilinadi.
Bunda soliq bazasini aniqlash uchun “taqqoslanadigan bozor narxlari usuli” qo‘llaniladi. Ushbu usulda aynan o‘xshash yoki bir xil turdagi tovarlarning bozordagi sotish va xarid qilish narxlari qiyoslanadi. Shu bilan birga, shartnomada tovar yetkazib berishning o‘ziga xos xususiyatlari, hududiy omillar va boshqa muhim ma’lumotlar ham inobatga olinadi.
Soliq organlari bozor narxlarini belgilashda keng qamrovli axborot manbalaridan foydalanadi. Jumladan, notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi, bojxona qiymati ma’lumotlari, birja kotirovkalari, auksion va davlat xaridlari platformalari, sotuvchilarning narxnomalari, ommaviy axborot vositalari va internet resurslari, tijorat banklarining qayta baholash ma’lumotlari va baholash tashkilotlari xulosalari shular jumlasidandir.
Mazkur tartibning asosiy maqsadi - tovarlarni sun’iy ravishda arzon narxlarda rasmiylashtirish orqali soliq majburiyatlarini kamaytirish holatlarining oldini olishdan iborat. Endilikda, agar tovarning sotish narxi bozor narxidan pastligi aniqlansa, bozor narxi bilan sotish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq soliq bazasiga qo‘shiladi. Shuningdek, tovar xarid qilish narxi bozor narxidan yuqori ko‘rsatilgan taqdirda, qo‘shilgan qiymat solig‘i hisob-kitoblariga ham tegishli tuzatishlar kiritiladi.
So‘nggi yillarda soliq tizimida raqamlashtirish jarayonlari ham jadal kechmoqda. Elektron hisob-fakturalar, onlayn nazorat-kassa texnikasi, avtomatlashtirilgan tahlil platformalari kabi zamonaviy yechimlar soliq ma’murchiligini yangi bosqichga olib chiqdi. Yangi Nizomning aynan raqamli tahlil va ma’lumotlar bazasiga tayangan holda ishlashi esa inson omilini qisqartirish va nazorat samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Soliq bazasini bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlash tartibining joriy etilishi mamlakatimizda adolatli va zamonaviy soliq tizimini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.