“ADM ELECTRICS”: korxonaning imkoniyati kengaymoqda
Andijon viloyatida ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada yangi-yangi loyihalar ishga tushmoqda, mavjud korxonalarning imkoniyatlari yanada kengaymoqda.
Asaka tumanida faoliyat olib borayotgan “ADM ELECTRICS” mas’uliyati cheklangan jamiyat ham jadal rivojlanayotgan korxonalardan biri.
“ADM ELECTRICS” mas’uliyati cheklangan jamiyati avtotransport vositalari uchun magnitofon, signal, antenna va hamda boshqa butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Umumiy yer maydoni 3,2 gektar, ishlab chiqarish binolari 4,5 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi, ilg‘or va eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan mazkur korxonaning rasman faoliyat ko‘rsata boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmasa-da, korxona o‘zining sifatli va xaridorgir mahsulotlari bilan e’tibor topmoqda.
Bir necha bosqichda to‘la quvvat bilan ishga tushishi belgilangan korxonada yangi texnologiya va liniyalar ishga tushirilishi hisobiga ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich ortib bormoqda.
[gallery-29357]
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 100 ming dona avtomobil sim jgutlari, 50 ming dona multimedia tizimlari, shuningdek, dvigatellar uchun havo filtrlari, avtomobil antennalari, oyna ko‘targichlar hamda isitish, shamollatish va havoni tozalash tizimlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Ayni kunda 300 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan mazkur korxonada yangi liniyalarning ishga tushirilishi, ishlab chiqarish va mahsulot eksporti hajmini oshirish hisobiga 2026-yilning yakuniga qadar yana 900 nafar kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.