Adliya aralashuvi bilan hamshira ishga tiklandi
Guliston tumanida mehnat huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq murojaat adliya organlari aralashuvi bilan ijobiy hal etildi. Natijada homiladorlik va bola parvarishi ta’tilidan so‘ng ish joyiga qayta olmayotgan hamshiraning mehnat huquqlari tiklandi.
Guliston tuman tibbiyot birlashmasining “Yulduz” oilaviy shifokorlik punktida hamshira lavozimida ishlab kelgan Nilufar Xolmatova tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, 2019-yilda homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqanini, 2022-yilda esa bola parvarishi ta’tilini qonunchilikda belgilangan tartibda uzaytirganini ma’lum qildi. Biroq ta’til muddati yakunlanganidan keyin avvalgi ish joyiga qaytishda muammoga duch kelganini bildirib, huquqiy yordam so‘radi.
Murojaat tuman adliya bo‘limi mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganilib, xodimning mehnat huquqlari bilan bog‘liq holat huquqiy jihatdan tahlil qilindi. O‘rganishlar davomida amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq tegishli choralar ko‘rildi.
Qonunchilikka ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bola parvarishi ta’tilida bo‘lgan xodimlarning mehnat huquqlari davlat tomonidan kafolatlanadi. Ta’til muddati tugagach, xodim avvalgi ish joyiga yoki unga teng mehnat shartlari va ish haqi saqlangan boshqa lavozimga qayta tiklanishi shart.
Adliya bo‘limining huquqiy aralashuvi natijasida murojaatchining mehnat huquqlari to‘liq tiklandi va u “Yulduz” oilaviy shifokorlik punktidagi avvalgi lavozimida mehnat faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri