Adib Said Anvardan yangi hajviy kitoblar
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli hajvchi yozuvchi Said Anvarning “Aylanma asarlar” va “Abdurahmon qiziq deyamish” nomli yangi kitoblari taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mazkur kitoblar nafaqat hajviy adabiyot, balki milliy adabiyotimiz rivojida ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, muallif ijodi, uning o‘ziga xos uslubi va yangi asarlarining mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr bildirdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo davrani olib borar ekan, taqdimot davomida Said Anvarning ijodiy faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Said Anvar 1962-yil 6-sentabrda Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida tavallud topgan bo‘lib, 1983-yilda Qo‘qon davlat pedagogika institutini tamomlagan. Faoliyati davomida “Tabassum” radiojurnalida muharrir, Televizion miniatyuralar teatrida katta muharrir, “Mushtum” jurnalida bo‘lim muharriri, “Sharq yulduzi” jurnalida bo‘lim boshlig‘i sifatida samarali mehnat qilgan.
[gallery-28498]
Ayni paytda u mustaqil ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.
Yozuvchining “Oraliqdagi odamlar”, “Otamning oti nimaydi?”, “Muhiddin Darvesh”, “Abdulla qiziq nima deydi?” kabi asarlari kitobxonlar orasida keng ommalashgan bo‘lib, uning hajviy yo‘nalishdagi ijodi alohida e’tirof etib kelinmoqda. Shuningdek, adibning “Osmondan tushgan odamlar” komediyasi “Yilning eng yaxshi dramatik asari” nominatsiyasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mukofotiga sazovor bo‘lgan.
– Yangi taqdim etilgan “Aylanma asarlar” to‘plamida muallifning turli yillarda yozilgan sara hajviy asarlari jamlangan bo‘lib, ularda jamiyatdagi ijtimoiy muammolar, inson xarakteridagi ziddiyatlar, hayotiy kulgili holatlar o‘tkir va samimiy uslubda tasvirlangan, – dedi Sirojiddin Rauf. – “Abdurahmon qiziq deyamish” asari esa milliy askiya an’analariga suyangan holda yaratilgan bo‘lib, unda xalqona yumor, so‘z o‘yinlari va o‘tkir mulohazalar o‘rin olgan.
Tadbir ishtirokchilari yangi kitoblarning mazmun-mohiyati, badiiy qimmati va ularning kitobxonlar uchun ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, muallifga yangi ijodiy yutuqlar tiladi.
Taqdimot yakunida Said Anvarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, muallif ishtirokchilarga o‘z kitoblarini imzo bilan taqdim etdi va adabiyot muxlislari bilan samimiy muloqot qildi.
Mazkur tadbir milliy adabiyotimizda hajv janrini rivojlantirish, yangi asarlarni keng jamoatchilikka tanitish hamda ijodkorlar o‘rtasidagi ijodiy muloqotni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari