Adabiyotga xizmat — millatga xizmat (+video)
-
O‘zbekiston xalq shoiri
Abdulla Sher 80 yoshda
She’riyatning qudrati va jozibasini hayrat bilan his qilmagan qalb bo‘lmasa kerak, bir satr ishqida tunu kun bedor bo‘lgan ko‘ngillarga havas bog‘lamaslikning iloji yo‘q.
Kitobxonning yuragini zavqqa to‘ldirgan misralar bir zamonlar shoir ruhiga qancha "og‘riq" bergani yolg‘iz o‘zigagina ayon. Nozik ifoda, falsafiy qarashlarga to‘la shoir, salmoqdor mutarjim O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Sher ana shunday ilhom bilan 80 yildan buyon birga yashab kelmoqda. Darhaqiqat, shoir yangi tuyg‘ularni kuylab, kashf qilmoqda. Bu hayot shiddati mutolaaga kam o‘rin qoldirayotgan bir paytda she’r yozishga uni nima undab turishini bilish uchun ijodkorga yuzlandik.
– Yaqinda Prezidentimiz tomonidan yuksak e’tirof — “O‘zbekiston xalq shoiri” unvonini oldingiz. Shaxsan davlat rahbarining qo‘lidan mukofotni olar ekansiz, qalbingizda nimalar kechdi?

— Bu men uchun tarixiy kun bo‘ldi. Mukofotni topshirish jarayonida Prezidentimiz shunday samimiy tilaklar bildirdiki, eshitib boshim ko‘kka yetdi. Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tmoqchiman: inson qadri tobora ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonimizda adolat tamoyili davom etib kelyapti. Mana, masalan, Miraziz A’zam va Yo‘ldosh Eshbek kabi ziyolilar o‘zbek adabiyoti uchun qancha xizmat qildi va albatta qilgan mehnatlari zoye ketmadi, yaqinda munosib baholandi. Demoqchimanki, adabiyot sohasida ham adolat prinsipi davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining ma’naviyatimiz haqida hamisha qayg‘urayotganliklari, ijodkorlarga alohida e’tibor berayotganligi uning qalbidagi bag‘rikenglikning dalil-isbotidir. Biz – ijod ahlining ko‘nglida minnatdorlik tuyg‘usi jo‘sh urib turibdi. Ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlik zamirida qalam ahliga yuksak ishonch va katta umid bor.
Azal-azaldan qalam sohiblari har bir zamonda davrning eng oldingi marralarida bo‘lishgan. Kerak bo‘lsa, xalq saodati, Vatan ozodligi uchun jonlarini fido qilishgan. Buni tarixdan yaxshi bilamiz. Bugungi kunda mamlakatimiz mustaqil, xalqimiz buyuk bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqda. Biz ijodkorlar mana shu manzaraning shohidi bo‘lib turibmiz.
– Cho‘lpon, Usmon Nosir, Oybek, Hamid Olimjonlardan davom etib kelayotgan she’riy an’analarni, uslublarni, ayniqsa, barmoq vaznining o‘ynoqi shaklini topib yozayotgan ijodkorsiz. Bu ayniqsa sizning “Yonayotgan yo‘l”, “Sevgi olmoshi”, “Gul yillar, bulbul yillar” nomli she’riy to‘plamlaringizda yaqqol aks etadi. Bugungi globallashuv zamonida hayot shiddati mutolaaga kam o‘rin qoldirayotgan bir paytda she’r yozishga sizni nima undaydi?

– Adabiyot — inson ko‘nglining tadqiqotchisi. Agar u mana shu vazifasidan bir lahza chekinsa ham, o‘z qiymatini yo‘qotadi. Ildizi yo‘q tuyg‘ular, mag‘zi puch da’volar bilan odamlarni aldashga shoirning haqi yo‘q. Aksincha, qurbi yetsa, millatning dilidagini bayon etsin, ohangga solsin va minglab-millionlab qalblarni bir satr bilan larzaga keltirsin. Men ham el ichida yurib, uning ko‘ksiga quloq bosib, ijod qilishga urinaman. Har bir shoirning ko‘ziga singgan, hidiga o‘rgangan, barmog‘iga sanchilib qolgan ranglari, tovushlari va lahzalari bo‘ladi. U ana shularga mudom qaytadi, o‘zini larzaga solgan hodisalarni takror, ammo yangi tashbeh, yangi ohang bilan aytgisi keladi. Buni uddalay olgan shoirlarda esa shaxsiy ramzlar, timsollar yaraladi.
Menda she’r dastlab fikr tarzida, ba’zan majoz tarzida namoyon bo‘ladi. Keyin u she’r bo‘lib shakllanadi. Avvalo mehnatda zavq bo‘lishi kerak. Ilohiy zavq. Zero, qattiq mehnatni yuk tashuvchi jonivor ham qiladi. Ammo ilohiy zavq sizga uyqu bermaydi.
— Ijtimoiy tarmoqlarda, deylik, “Tiktok”, “Instagram”, YouTube”da pul topish uchun bugun asosan yoshlar o‘zlarini ne ko‘yga solmayapti. Shov-shuv ko‘taraman deb, internetda obunachi yig‘aman deb maza-matrasi yo‘q kontentlar yaratish bilan ovora. Bugungi axloqiy madaniyat xususida fikringiz?
– To‘g‘ri, so‘nggi ikki yuz yillik sivilizatsiya qalb muvozanatini buzishga urinib ko‘rdi. Zavod-fabrikalar, telefon, samolyot va poyezdlarning kashf etilishi hayot maromini bir ozgina tezlashtirdi. Ammo qalbga, ruhiyatga murojaat qiluvchi vositalar – adabiyot, musiqa, rasm o‘z o‘rnini boshqasiga bo‘shatib bermadi. Ayniqsa, mutolaa ruh tarbiyasining asosiy vositaligicha qoldi, ya’ni hayotiy va hissiy ma’lumotlar shu darvozadan kirib kelardi.

Globallashuv atalmish bu shiddatning iqtisodiy-madaniy aloqalarga xizmat qilishdek afzalligi bo‘lishi bilan birga, insonning nafaqat ichki olamini, balki maqsadlarini, hatto jamiyatni o‘zgartirib yuborishga ega qudratini his qilib turibmiz. Shuning uchun ham kino, moda, ko‘ngilochar shoular, kompyuter o‘yinlari libosiga o‘ralgan “ommaviy madaniyat” “jonbozligi”dan tashqari, mobil telefon bilan “nafas olish” va internet “ichida yashash” tarzining ommalashib borayotganiga butun dunyo “davo” topish bilan mashg‘ul.
XX asr oxiriga kelib, fantastik asarlardagi xayollarni ham ortda qoldirib ketadigan shunday texnik ixtirolar qilindiki, ular insoniyatning o‘z-o‘zi bilan va dunyo bilan muloqotidagi maromni, muvozanatni buzib yubordi. Avval sputnik televideniyesi, so‘ngra internet, mobil aloqa vositalarining imkoniyatlari va ulardagi ma’lumotlar tezligi qalb tarbiyasi borasidagi ustozlikni mutolaadan tortib oldi va insonning tin olishiga, tafakkur qilishiga, o‘z qalbida kechayotgan hissiyotlarni mushohada qilishiga o‘rin ham, fursat ham qoldirmaydigan shiddatli hayot maromini yaratdi.
Suhbatning to‘liq shaklini O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/iDt7gDRM-RA" title="Adabiyotga xizmat — millatga xizmat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi, O‘zA