Adabiyot, sendan qarzim ko‘p hali…
Qalam ahli borki, avvalo so‘z dargohiga intiladi. Bu sirli maskan esa hamisha adabiyotga, ijodga oshno qalblardir. Ta’kidlash kerakki, haqiqiy ijodkor ko‘pincha qaynoq jarayonlar markazi bo‘lgan — tahririyatlarda yetishib chiqadi.
bugungi kunda Navoiy viloyatidagi televideniye va gazeta tahririyatlarida faol ijod qilayotgan jurnalistlar orasida ham iste’dodli yozuvchi va adiblar talaygina. O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi direktori o‘rinbosari, jurnalist va shoir Boboqand Umarov (Boboqand Mirzo) shunday insonlardan.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Navoiy davlat pedagogika instituti faollar zalida “She’riyatga oshno qalb” mavzusida uyushma a’zosi Boboqand Umarov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Unda institutning O‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etdi. Dastlab, filologiya fanlari doktori Abduhamid Xolmurodov tadbirni boshlab berdi hamda fakultetda shoir va adiblar bilan uchrashuvlar o‘tkazish endilikda muntazam yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.
[gallery-4321]
Har bir ijodkor adabiyot maydonida o‘zini xokisor his qiladi va bu soddalik misralarga ham ko‘chadi. Vatan mavzusi ham har bir qalamkash uchun ta’rifi tugamas so‘z ummonidir. Boboqand Mirzo navbatdagi she’rida ayni mavzuga to‘xtalar ekan, bu satrlarda shoirning bolalik yillari o‘tgan – so‘lim Xatirchining betakror Oltinsoy qishlog‘i manzaralari ham aks etgandek.
Ijod kechasi qizg‘in tus olib, adabiyot, vatan, ishq mavzularidagi she’rlar so‘zga oshno qalblarni rom etdi.
Uchrashuv so‘ngida yoshlar va tadbir ishtirokchilariga Boboqand Mirzoning “Ikkimiz ikki olam” she’riy to‘plami tuhfa etildi.
Ozod Mustafoyev,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi mutaxassisi
Siroj Aslonov (surat), O‘zA