Adabiyot – qalblar koʻprigi
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Oʻzbek zamonaviy adabiyotini xorijiy tillarga tarjima qilish va chet mamlakatlarda targʻib qilishning dolzarb masalalari” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Oʻzbek zamonaviy adabiyotini xorijiy tillarga tarjima qilish va chet mamlakatlarda targʻib qilishning dolzarb masalalari” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
“Ijod” fondi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunoslar, tilshunoslar, tarjimonlar ishtirok etdi.

Anjumanda oʻzbek tilida yaratilgan sara asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish va chet mamlakatlarda nashr etish ishlarini yanada faollashtirish, mohir tarjimonlarni tayyorlash borasida xalqaro tajribalarni oʻrganish, tarjima nazariyasi va amaliyoti masalalari borasida qilinayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Maʼruzachilar oʻzbek zamonaviy sheʼriyatining qardosh va xorijiy tillarga taglama tarjimasi sifatini yaxshilash, shu asosda badiiy tarjimalarni yaratish, ularni chop etib, targʻib qiluvchi xorijiy sheriklar topish jarayoni osonlashuviga erishish kabi dolzarb muammolar yechimiga eʼtibor qaratdi.

– Tillar vositasida bir xalqdan ikkinchi xalqqa juda koʻplab soʻzlar kirib kelgan, – dedi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻqituvchisi Nosir Sherboyev. – Shu soʻzlarning ayrimlarini mahalliy xalq oʻz tiliga tarjima qilgan boʻlsa, ayrimlari shundayligicha qolavergan. Bu hodisa dunyodagi hamma tillarda roʻy bergan. Boshqa tilga oʻtgan soʻzlar oʻsha tilda qoʻllanilib, yangi tushunchalarni anglata boshlagan. Demak, badiiy asarlar tarjimasi insoniyat tamadduni uchun ham xizmat qiladi.
Anjuman yakunida qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi, “XXI asr oʻzbek sheʼriyati va nasri namunalari”, “XXI asr Oʻzbekiston adabiyoti qiyofasi” loyihalarining taqdimoti oʻtkazildi.