Adabiyot, nafosat kechasi
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan “Nazm va navo” kechasi boʻlib oʻtdi.
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan “Nazm va navo” kechasi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirga yoshi ulugʻ hamyurtlarimiz, maʼnaviyat targʻibotchilari, adabiyot muxlislari, xorijlik mehmonlar taklif etildi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, “Maqom” milliy markazi bosh direktori Soyibjon Begmatov mamlakatimizda buyuk mutafakkir bobolarimiz merosini oʻrganish, milliy musiqa, raqs, taʼlim-tarbiyani rivojlantirish yoʻlida ulkan islohotlar olib borilayotganini taʼkidladi.
Zero, bu yoʻnalishdagi ezgu saʼy-harakatlar Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida ulugʻlangan insonparvarlik, yurtparvarlik, fidoyilik gʻoyalariga hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.
Ayni paytda Navoiy va Bobur fozil va hunarmandlarga, ilm-fan, madaniyat va sanʼat ahliga homiylik va gʻamxoʻrlik qilishda tengsiz ijodkor edilar. Jahondagi koʻplab qalamkashlar buyuk daho shoirlarimiz ijodidan bahramand boʻlgan, ilhomlangan.
...Qadim, ham dilga yaqin navolar yangraydi. Navoiy va Bobur gʻazallari bilan kuylanuvchi qoʻshiqlar qalbga huzur, sokinlik, zavq bagʻishlaydi. Zaldagi ulkan monitorda milliy osori atiqalarimiz, nodir qoʻlyozmalardan namunalar, betakror meʼmoriy obidalar namoyishi kechaga yana-da jonli ruh bagʻishlaydi.
Nafosat, sheʼriyat, adabiyot, musiqa bayramiga aylangan kecha muxlislarga manzur boʻldi.