Abu Rayhon Beruniyning bebaho boyligi
Poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Abu Rayhon Beruniyning "Kitob as-saydana fi-t-tib" ("Tabobatda dorishunoslik") nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda buyuk alloma bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar g‘oyat ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda.
Tadbirda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov Abu Rayhon Beruniyning merosi jahon ilm-fani merosiga daxldor ekanini ta’kidladi. – Beruniy jahon fan rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan mutafakkirdir, – dedi xalqaro anjuman ishtirokchisi, Qohira universiteti tillar kafedrasi professori Jalal Olsaid Alhefnaviy.
– Beruniy hind madaniyati haqida yozarkan, bu madaniyatni yunon tamadduni bilan solishtirdi. Hindistonda 14 yil yashagan olim juda ko‘p asarlar yozgan bo‘lsa-da, ularning eng buyugi "Hindiston" asaridir.
Darhaqiqat, Abu Rayhon Beruniy serqirra olimligi bilan dunyo akademik doiralarining hamon e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Uning tadqiqotlari matematika, geodeziya, geologiya, tilshunoslik, astronomiya, geografiya, falsafa, tarix, mineralogiya, tibbiyot kabi ko‘plab fanlar bilan birga dorishunoslik fanini ham qamraydi.
Taqdimotda tadbir ishtirokchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Nazokat Usmonova,
Murodxon Xo‘jayev (suratlar), O‘zA