Abu Ali ibn Sino merosiga bağişlangan zamonaviy muzey bunyod etiladi
Buyuk alloma, jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qöşgan Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy merosini örganiş, uni zamonaviy vositalar orqali keng tarğib etiş va xalqaro miqyosda ommalaştiriş Buxoroning turistik jozibadorligini oşirişda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, alloma nomini dunyoga tanitgan zaminda uning hayoti va ilmiy faoliyatiga bağişlangan zamonaviy muzey barpo etilişi nafaqat madaniy merosni asrab-avaylaş, balki ilm-fan va maʼrifat turizmini rivojlantirişga ham xizmat qiladi.
Şu maqsadda Buxoro viloyati hokimining örinbosari Botirjon Şahriyorov Rossiyaning “Korporativ muzeylar ustaxonasi” kompaniyasi direktori Andrey Ribaşov iştirokida uçraşuv bölib ötdi.
Muloqot avvalida xorijiy mehmonga Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, sayyohlik imkoniyatlari va turizm sohasida amalga oşirilayotgan işlar haqida maʼlumot berildi. Suhbat davomida hududning tarixiy salohiyatidan samarali foydalaniş, uni yangi loyihalar orqali xalqaro turizm makonida yanada kengroq namoyon etiş masalalari muhokama qilindi.
Uçraşuvning asosiy mavzusi esa Abu Ali ibn Sino merosiga bağişlangan zamonaviy muzey konsepsiyasi böldi. Andrey Ribaşov tomonidan taqdim etilgan loyihada buyuk allomaning hayoti, ilmiy izlanişlari va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qöşgan hissasini zamonaviy muzey texnologiyalari asosida yoritiş nazarda tutilgan.
Xususan, muzeyda tarixiy, ilmiy va immersiv ekspozitsiya zonalarini taşkil etiş, raqamli texnologiyalar yordamida taşrif buyuruvçilarga Ibn Sino yaşagan davr, uning tibbiyot, falsafa va boşqa ilm-fan yönalişlaridagi kaşfiyotlari haqida interaktiv maʼlumotlar taqdim etiş közda tutilmoqda. Bu esa muzeyni oddiy tarixiy eksponatlar jamlangan maskan emas, balki taşrif buyuruvçi bilim oladigan, kaşf etadigan va buyuk alloma merosini çuqurroq anglaydigan zamonaviy maʼrifat markaziga aylantiriş imkonini beradi.
Muzokaralarda Buxoroni Ibn Sino Vatani sifatida xalqaro miqyosda tarğib qiliş, bölajak muzeyni mavjud sayyohlik yönalişlariga kiritiş, yangi tematik turpaketlar işlab çiqiş hamda ilmiy-maʼrifiy turizmni rivojlantiriş masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Zero, bugungi kunda turizm faqat tarixiy obidalarni tomoşa qiliş bilan çeklanib qolmayapti. Sayyohlar muayyan hududning tarixi, buyuk şaxslari, ilmiy va maʼnaviy qadriyatlari bilan yaqindan tanişişga ham tobora köproq qiziqmoqda. Şu nuqtai nazardan, Ibn Sino merosiga bağişlangan muzey Buxoroning turistik takliflarini boyitiş, sayyohlarning hududda böliş muddatini uzaytiriş va yangi taşrif buyuruvçilar oqimini şakllantirişga xizmat qilişi mumkin.
Bu taşabbus davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan milliy tarix va madaniy merosni asrab-avaylaş, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-maʼrifiy merosini dunyoga keng tarğib etiş hamda turizmni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantiriş vazifalari bilan hamohangdir.
Uçraşuv yakunida muzey konsepsiyasini yanada takomillaştiriş, zamonaviy muzey texnologiyalarini joriy etiş va loyihani viloyat turizm infratuzilmasi bilan uyğun holda rivojlantiriş böyiça fikr almaşildi.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri