Abduqodir Husanovning kechagi o‘yindagi harakatlari yuqori baholandi
Futbol bo‘yicha Angliya kubogining chorak finalidan o‘rin olgan 3 ta uchrashuv kuni kecha o‘z yakuniga yetgan bo‘lsa, bugun ushbu bosqichning so‘nggi bahsida “Vest Xem Yunayted” va “Lids Yunayted” klublari o‘zaro raqobatlashadi.
Kechagi bahslarda "Chelsi" o‘z maydonida "Port Veyl" jamoasini 7:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. “Arsenal” esa safarda “Sautgempton”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan "Manchester Siti" o‘z uyida "Liverpul"ni qabul qilib, 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvdagi gollarga Erling Xoland uch bora, Antonio Semenyu bir martga mualliflik qildi.

"Manchester Siti" va "Liverpul" uchrashuvida Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Hamyurtimiz o‘yin mobaynida o‘zining yuqori tezligi, mahorati va himoyadagi ishonchli o‘yini orqali ajralib turdi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda Muhammad Saloh bilan bo‘lgan to‘qnashuvda ajoyib harakati orqali xavfni bartaraf etdi.
Abduqodir Husanovning bu harakatlari turli xil statistik portallar tomonidan munosib baholandi. Xususan, "Fotmob" 7.2, "Sofascore" 7.4 va "Flashscore" esa 7.0 ballga loyiq ko‘rdi.
Shu tariqa, Chelsi" , “Sautgempton” va "Manchester Siti" musobaqaning yarim finaliga yo‘l oldi.
Kubokning ushbu bosqichi 25-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA