Abduqodir Husanov Jahon chempionatining eng qimmat himoyachilari safida
Abduqodir Husanov Jahon chempionati ishtirokchilari orasidagi eng qimmat himoyachilardan biri sifatida e’tirof etildi.
Futbol transferlari tahliliga ixtisoslashgan “TransferRoom” platformasi XXIII Jahon chempionatida ishtirok etayotgan markaziy himoyachilarning transfer qiymati bo‘yicha reytingini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov ham yuqori o‘rinlardan joy olgan.
Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, 22 yoshli futbolchimizning ayni paytdagi bozor qiymati 62,2 million yevro deb baholangan. Bu ko‘rsatkich A.Husanovga mundial ishtirokchilari orasidagi eng qimmat markaziy himoyachilar ro‘yxatida beshinchi pog‘onani egallash imkonini berdi.
Reytingning birinchi o‘rni Ispaniya terma jamoasi hamda “Barselona” klubi safida to‘p surayotgan Pau Kubarsiga nasib etgan. U ayni damda 118 million yevroga baholanmoqda.
Ikkinchi pog‘onada Fransiya terma jamoasi va Londonning “Arsenal” klubi vakili Vilyam Saliba qayd etilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Angliya terma jamoasi himoyachisi Mark Gehiga tegishli bo‘ldi.

Mundialda ishtirok etayotgan futbolchilar orasida kuchli beshtalikdan o‘rin olishi hamyurtimizning yuqori saviyadagi himoyachilar qatoriga kirib borayotganidan dalolat beradi.
“TransferRoom” talqini bo‘yicha Jahon chempionati ishtirokchilari orasidagi eng qimmat markaziy himoyachilar:
Pau Kubarsi (Ispaniya) — 118 million yevro
Vilyam Saliba (Fransiya) — 90,5 million yevro
Mark Gehi (Angliya) — 84,6 million yevro
Villian Pacho (Ekvador) — 69,5 million yevro
Abduqodir Husanov (O‘zbekiston) — 62,2 million yevro
Luka Vushkovich (Xorvatiya) — 59,8 million yevro
Ruben Diash (Portugaliya) — 57,7 million yevro
Gabriel Magalyayns (Braziliya) — 56,8 million yevro
Dayo Upamekano (Fransiya) — 56,1 million yevro
Erik Garsiya (Ispaniya) — 55 million yevro.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA