Ustoz – qalblar me’mori
Poytaxtimizdagi Tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan Sa’di Hasanovich Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyida «Ustoz – qalblar me’mori» deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ustoz inson qalbiga ilm, ma’rifat va ezgulik urug‘larini ekadigan, yosh avlodga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan buyuk siymo. Har bir inson hayotida uning qalbida o‘chmas iz qoldirgan, bilim va tarbiya bergan ustozning alohida o‘rni bor.
Tadbir davomida ustozlarning sharafli va mashaqqatli mehnati, yoshlar tarbiyasidagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan ustozlarga bag‘ishlangan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etiladi.
Tadbirda buyuk matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Sa’di Hasanovich Sirojiddinovning ilm-fan va ta’lim sohasidagi xizmatlari ham alohida e’tirof etildi. Ustoz matematik ehtimollik nazariyasi va matematik statistika sohasida ilmiy maktab yaratib, O‘zbekiston matematika fani rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Sa’di Hasanovich Sirojiddinov Toshkent davlat universitetida professor, kafedra mudiri va rektor sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori hamda akademiya vitse-prezidenti lavozimlarida mehnat qilgan. Uning ilmiy va pedagogik faoliyati ko‘plab shogirdlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilgan.
Bugungi kunda ham akademik Sa’di Hasanovich Sirojiddinovning yorqin xotirasi halollik, ilmga sadoqat, kamtarlik, mehnatsevarlik ramzi, katta maktab yaratgan ustoz sifatida alohida ehtirom bilan yodga olinadi.
[photobank-31699]
Darhaqiqat, ustozlarimiz o‘z mehnati bilan kelajak avlodni tarbiyalab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ularning har bir o‘giti va nasihati biz uchun hayot maktabi vazifasini o‘taydi.
Ustozlarimizning mehnati va bergan saboqlari qalbimizda bir umr saqlanadi. Zero, ustozga bo‘lgan hurmat — ilmga, ma’rifatga va kelajakka bo‘lgan hurmatdir.
Ustoz qalblar me’mori, ular ulashgan bilimlar esa umr yo‘limizga nurdir!
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (surat),
O‘zA