Raqamli tarbiyaviy kontentlarni yaratish masalalari xalqaro konferensiyada muhokama qilindi
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida “Shaxs tarbiyasiga yo‘naltirilgan raqamli kontentlarning xalqaro standartlari va amaliyotga joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi tashkilotlar vakillari, shuningdek, mamlakat oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, izlanuvchilari, magistrantlari va talabalari ishtirok etdi.
Shuningdek, konferensiyada zamonaviy pedagogik va psixologik yondashuvlar asosida tarbiyaviy raqamli kontentlarni yaratish, ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga samarali integratsiya qilish hamda yoshlarning kognitiv, emotsional va axloqiy rivojlanishiga ta’sirini baholash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash, bolalar va yoshlarni zararli kontentdan himoya qilish, raqamli muhitda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman doirasida raqamli tarbiyaviy kontentlarni standartlashtirish va ularni yaratish metodologiyasi, kontentlarning pedagogik, psixologik va axloqiy ta’sirini baholash, raqamli ekotizim va texnologik imkoniyatlardan samarali foydalanish, axborot xavfsizligini ta’minlash kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, ushbu yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlash, zarur kompetensiyalarni rivojlantirish va fanlararo hamkorlikni kuchaytirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
[gallery-31881]
Ushbu konferensiyada kutilayotgan natija shuki, Xalqaro tajriba va ilmiy yondashuvlarni uyg‘unlashtirish orqali raqamli tarbiyaviy resurslarni yaratish, baholash va amaliyotga joriy etish bo‘yicha yangi metodologik asoslarni ishlab chiqish imkoniyatlari kengayadi. Shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar va grant loyihalarini amalga oshirish uchun zamin yaratiladi.
Shu bilan birga, raqamli ta’lim va tarbiya kontentlari uchun yangi standartlar hamda me’yoriy mexanizmlarni ishlab chiqish milliy raqamli ta’lim bozorini rivojlantirish, mahalliy IT- startaplar va EdTech loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, eksportbop pedagogik mahsulotlar yaratish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Bayonov Hamroz, O‘zA