Algoritm maslahat beradi, qarorni inson chiqaradi
Sun’iy intellekt davrida huquq qanday qoidalarni belgilamoqda?
2026-yil 28-avgust kuni Yangi Toshkentda mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kelgusi o‘n yillik uchun mamlakat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Nutqda yoshlar va texnologiya haqida alohida, salmoqli fikr aytildi:
“Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.”
Bu jumla zamirida katta imkoniyat bilan birga katta mas’uliyat ham bor. O‘n million yosh raqamli industriyaga kirib kelar ekan, sun’iy intellekt esa maktabdan shifoxonagacha, bankdan davlat idorasigacha hayotimizning har bir jabhasiga kirib borar ekan, tabiiy ravishda bir savol tug‘iladi. Bu texnologiya qanday qoidalar asosida ishlaydi? Algoritm xato qilsa, kim javob beradi? Fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari qanday himoya qilinadi?
Davlatimiz rahbari nutqining o‘zi ham bu savollarga yo‘nalish beradi. Nutqda e’lon qilingan yettita milliy dasturdan beshinchisi sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini jamiyatning umumiy qadriyatiga aylantirishga bag‘ishlangan. Unda huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab tizimli yo‘lga qo‘yish va kiberjinoyatchilikning oldini olish choralarini kuchaytirish vazifalari belgilangan. Demak, texnologik taraqqiyot va huquqiy kafolatlar bir-biridan alohida emas, yonma-yon borishi kerak.
Bugungi kunda sun’iy intellekt oddiy texnologik yangilik doirasidan chiqib, ta’lim, tibbiyot, bank-moliya, davlat boshqaruvi va boshqa ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Bunday sharoitda asosiy savol sun’iy intellektdan foydalanish mumkinmi yoki yo‘qmi degan masalada emas.
Muhim savol — undan foydalanishda inson huquqlari, shaxsiy hayot daxlsizligi, xavfsizlik va javobgarlik qanday ta’minlanadi? Shu boisdan biz endi “sun’iy intellektdan foydalanish mumkinmi?” degan bosqichdan undan qanday qilib mas’uliyatli foydalanish kerak?” degan bosqichga o‘tishimiz kerak deb o‘ylayman.
Mamalakatimizda bugungi kunda sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha mustahkam huquqiy asosi yaratilgan va yaratishda davom etib kelmoqda. Xususan, 2026-yil 21-yanvarda qabul qilingan “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga sun’iy intellekt bilan bog‘liq muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Birinchi marta qonunchilik darajasida “sun’iy intellekt” tushunchasi mustahkamlandi.
Unga ko‘ra, sun’iy intellekt — inson bilim va ko‘nikmalariga taqlid qiladigan, mustaqil o‘rganadigan, yechim izlaydigan va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy mehnati natijalariga tenglashtirsa bo‘ladigan natijalarga erisha oladigan texnologik yechimlar majmuidir. Oddiy tilda aytganda, bu ko‘plab misollardan o‘rganib, keyin o‘zi xulosa chiqara oladigan “aqlli” dasturdir.
Qonundagi eng e’tiborga molik norma shundan iborat: insonning huquq va erkinliklariga ta’sir qiluvchi yuridik ahamiyatga ega qarorni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt tizimining xulosasiga tayanish mumkin emas. Ya’ni algoritm yordamchi vosita bo‘lishi mumkin, biroq inson taqdiriga bevosita ta’sir qiladigan yakuniy qaror to‘liq algoritmga topshirilmasligi kerak. Tasavvur qiling: biror fuqaroning murojaati, arizasi yoki huquqiga daxldor masala faqat kompyuter “rad etildi” degani uchun hal bo‘lib qolsa, adolatdan gap bo‘lishi mumkinmi? Qonun aynan shunday holatlarning oldini oladi. Mashina tahlil qilishi, taklif berishi mumkin, lekin mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan va oxirgi so‘zni aytadigan sub’ekt — inson. Bu Prezidentimiz ilgari surgan “Inson qadri uchun!” g‘oyasining texnologiya sohasidagi aniq ifodasidir.
Shuningdek, 2025-yil 22-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bilan 2026-yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi, ijtimoiy soha va iqtisodiyotda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha kamida 100 ta loyihani amalga oshirish, 2030-yil yakuniga qadar zamonaviy sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 1 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdorda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim hamda oliy ta’lim tizimining o‘quv dasturlari va darsliklariga sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha mavzularni kiritish va 2026-yil yakuniga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlarida 15 ta sun’iy intellekt laboratoriyalarini ishga tushirish vazifalari belgilab berildi.
Bunda ko‘zlangan asosiy maqsad albatta sun’iy intellect texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish va yoshlarni sun’iy intellect texnologiyalari bilab bog‘liq savodxonligini mustahkamlashga qaratilganli.
Davlatimizda sun’iy intellektni tartibga solishga qaratilgan yana bir muhim islohotlardan biri 2024-yil 14-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.
Unda sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish hamda Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida O‘zbekistonni dunyoning birinchi 50 ta davlati qatoriga kiritish maqsad qilingan. 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son farmon bilan maktab o‘quvchilari uchun “Sun’iy intellekt kuni” milliy dasturi joriy etildi, “Bir million dasturchi” loyihasining davomi sifatida “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi kengaytirildi.
Yana bir muhim hujjat, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining 2026-yil 24-fevraldagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari”dir. Hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 14-martda 3787-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va 2026-yil 17-iyundan kuchga kirgan. E’tiborli jihati, buyruq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan kelishilgan. Bu masalaning qanchalik keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi.
Ushbu qoidalarda sakkizta asosiy tamoyil belgilangan bo‘lib, ular qonuniylik; shaxs, jamiyat, davlat manfaatlari va atrof-muhitni himoya qilishning ustuvorligi, tushunarlilik, mas’uliyat, javobgarlik va nazorat, adolatlilik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik, ma’lumotlar himoyasi, ishonchlilik va xavfsizlik.
Qoidalarga ko‘ra, sun’iy intellekt orqali qabul qilingan barcha qarorlar inson nazorati ostida bo‘lishi, inson tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi va yakuniy qarorni inson qabul qilishi lozim. Bundan tashqari, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili insonlarni jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, jismoniy holati yoki ijtimoiy mavqeiga qarab kamsitishni taqiqlaydi.
Bugungi kunda, sun’iy intellekt davlat chegaralarini tan olmaydi. Bir mamlakatda yaratilgan dastur bir zumda butun dunyoga tarqaladi. Shu bois uni tartibga solish faqat milliy qonunchilik doirasida qolib ketmasdan, xalqaro tashkilotlarning ham asosiy kun tartibiga aylandi.
Bu yo‘ldagi eng muhim qadamlardan biri YUNESKO tomonidan ishlab chiqilgan va 2021-yil 23-noyabrda tashkilotning Bosh konferensiyasida qabul qilingan “Sun’iy intellekt etikasi to‘g‘risida”gi tavsiyalardir. Uni tashkilotga a’zo barcha 193 davlat yakdillik bilan ma’qulladi va u ushbu sohadagi ilk global me’yoriy hujjat sifatida tarixga kirdi. Hujjat yuridik jihatdan majburiy bo‘lmasa-da, sun’iy intellektdan foydalanishning inson markazida bo‘lgan boshqaruviga qo‘yilgan muhim qadam hisoblanadi. Tavsiya a’zo davlatlarga sog‘liqni saqlash va boshqa o‘n bitta siyosiy yo‘nalishda aniq vazifalarni belgilaydi. Davlatlar esa har to‘rt yilda o‘z yutuqlari va amaliyoti haqida hisobot taqdim etishi nazarda tutilgan.
Tavsiyani amalga oshirish uchun ikkita asosiy vosita ishlab chiqildi, sun’iy intellektga tayyorlikni baholash metodologiyasi (RAM) va etik ta’sirni baholash. Mamlakatimiz ham bu jarayondan chetda emas. Raqamli texnologiyalar vazirligi YUNESKO tashabbusi doirasida “O‘zbekistonda sun’iy intellektga tayyorlikni baholash metodologiyasi” loyihasini amalga oshirmoqda. Baholash huquqiy, ijtimoiy-madaniy, ilmiy, iqtisodiy va texnologik yo‘nalishlarni qamrab oladi. Boshqacha aytganda, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda yurtimiz sun’iy intellektni axloqiy va mas’uliyatli joriy etishga qanchalik tayyor ekani har tomonlama o‘rganilmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 2019-yil may oyida qabul qilingan “Sun’iy intellekt tamoyillari va sun’iy intellekt bo‘yicha birinchi hukumatlararo standart”larda shaxsiy hayot daxlsizligi, intellektual mulk huquqlari, xavfsizlik va axborot ishonchliligi bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2021-yilda tibbiyotda sun’iy intellektdan foydalanishning oltita asosiy tamoyilini ishlab chiqdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham bu jarayonga faol ishtirokchisi sifatida. BMT Bosh Assambleyasi 2024-yil 21-martda 78/265-son bilan “Barqaror rivojlanish maqsadida xavfsiz, himoyalangan va ishonchli sun’iy intellekt tizimlari imkoniyatlaridan foydalanish” rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Shu bilan birga, sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish jarayoni hali yakunlangan deb bo‘lmaydi. Generativ sun’iy intellekt, dipfeyk, algoritmik diskriminatsiya, mualliflik huquqi, sun’iy intellekt tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kabi masalalar kelgusida yanada batafsil huquqiy yechimlarni talab qiladi.
Mening fikrimcha, asosiy maqsad sun’iy intellektni cheklash emas, balki inson markazida bo‘lgan huquqiy modelni yaratish bo‘lishi kerak. Texnologiya qanchalik rivojlanmasin, inson huquqlari, xavfsizlik va yakuniy javobgarlik tamoyillari uning ortidan emas, u bilan birga rivojlanishi zarur.
Dilshodjon EGAMBERDIEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Huquq va texnologiyalar sho‘’basi mudiri.
O‘zA