Yosh dzyudochilarimiz Yevropa kubogida qatnashadi
Bugun, 1-oktabr kuni dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Yevropa kubogida qatnashish uchun Chernogoriyaga yo‘l oladi.
Joriy yil 3-4-oktabr kunlari Chernogoriyaning Podgoritsa shahrida dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Yevropa kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mutasaddilari Yevropa safariga otlangan yosh dzyudochilarimiz hamda ularning murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot jarayonida dunyoning 25 ta davlatidan 300 nafarga yaqin dzyudochilar qatnashadigan mazkur musobaqada munosib ishtirok etish masalasi muhokama qilindi. Har bir yosh sportchining ruhiy holati, jismoniy tayyorgarligi, salomatligi kabi jihatlar tahlil qilindi.

Ta’kidlanganidek, Yevropa kubogi hamda musobaqalar yakunlangandan keyin qatnashchi davlatlar ishtirokida o‘tkaziladigan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini noyabr oyida poytaxtimiz mezbonligida tashkil etiladigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA