Ko‘krak nishonlari va guvohnomalar topshirildi
Vatanga muhabbat, yurt tinchligiga sadoqat va el-yurt manfaatlari yo‘lida xizmat qilishga shaylik yoshlikdan shakllanadi. Ana shu ezgu fazilatlarni yoshlar qalbida mustahkamlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Sirdaryo tumanidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida tantanali tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Sirdaryo tumanidagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan «Vatan tayanchi» otryadlari a’zolariga ko‘krak nishonlari va guvohnomalar topshirildi. 200 nafar yosh ishtirok etgan marosim ular uchun quvonchli va unutilmas voqeaga aylandi.

Tadbir Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, tuman Mudofaa ishlari bo‘limi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Guliston harbiy prokuraturasi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlarni ushbu e’tirof bilan samimiy tabriklab, «Vatan tayanchi» otryadlarining yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda fuqarolik mas’uliyati va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishdagi ahamiyatini ta’kidladilar. Shuningdek, yoshlarni puxta bilim olishga, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashga, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va mas’uliyatli insonlar bo‘lib kamol topishga chaqirdilar.

Ko‘krak nishonlari va guvohnomalarning topshirilishi yoshlar uchun nafaqat quvonchli lahza, balki yuksak ishonch va mas’uliyat ifodasi ham bo‘ldi. Nishonni ko‘ksiga taqqan yigit-qizlar ushbu e’tirofni g‘urur bilan qabul qilib, kelgusida yaxshi o‘qish, kasb-hunar egallash, Vatan va xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilish, yurt tinchligi va ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga intilishlarini bildirdilar.

Darhaqiqat, vatanparvarlik faqat yurtni sevish haqidagi so‘zlarda emas, balki kundalik hayotdagi intizom, mas’uliyat, bilim olishga intilish va jamiyat oldidagi burchni anglashda ham namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, «Vatan tayanchi» harakati yoshlarda milliy g‘urur, jasorat, o‘zaro hamjihatlik va jamoaviylik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirning amaliy qismi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali qo‘l jangiga oid chiqishlar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otib, harbiylarning jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va mahoratini namoyon etdi. Ushbu chiqishlar yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularda jasorat va qat’iyat kabi fazilatlarni shakllantirishga turtki berdi.
Sirdaryo tumani Madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa tadbirga ko‘tarinki kayfiyat va bayramona ruh bag‘ishladi. Vatan, ona yurt va milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi musiqiy chiqishlar marosim mazmunini yanada boyitdi.
— Bu shunchaki ko‘krak nishoni emas, balki yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch va ular zimmasiga yuklangan mas’uliyat ramzidir. U yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va yurtga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlab, kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi. Shuningdek, ularni bilim olish, o‘z ustida ishlash va yurt ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shishga ruhlantiradi, — dedi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati harbiy bo‘lim boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri