Muhim minerallar raqobati: qaysi o‘lkada qanday resurs bor?
Elektromobil, sun’iy intellekt, mikrochip, akkumulyator va zamonaviy qurol-yaroq ishlab chiqarish ortida ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo strategik ahamiyatga ega resurslar turadi. Litiysiz akkumulyator ishlab chiqarish, grafitsiz ayrim turdagi batareyalar tayyorlash, neodim va boshqa nodir yer unsurlarisiz doimiy ravishda kuchli magnitga tayanuvchi texnologiyani rivojlantirish qiyin.
Shu bois muhim minerallar masalasi oddiy konchilikdan ancha keng tushunchaga aylangan. Binobarin, faqat yer ostida qancha boylik borligi emas, balki shu moddalarni qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot yetkazib berish dolzarb. Xalqaro energetika agentligi (IEA) 2026-yil uchun e’lon qilgan “Global Critical Minerals Outlook” hisobotida ham ayni muammoga e’tibor qaratilgan. Zero, mineralni qayta ishlashdagi yuqori kuchlanish, eksport cheklovi va ta’minot zanjiridagi uzilish jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Masalaning yana bir jihati bor: yirik konga ega bo‘lish hali bozorni nazorat qilish degani emas. Resursni sanoat uchun zarur darajada tozalash, ehtiyot qism ishlab chiqarish va texnologiyani egallash ham rejali ustunlikning bir qismidir.
Xaritadagi asosiy nuqtalar: resurslar qaysi davlatlarda jamlangan?
Muhim minerallar yagona mamlakat yoki mintaqada jamlanmagan. Turli xom ashyoning zaxirasi, qazib olinishi va qayta ishlanishi bo‘yicha yetakchilar har xil. Dunyo ta’minot zanjirida muayyan yurtlar o‘rni alohida.
Chili va Argentina – litiy

Chilining Atakama hududidagi tuzli havzalar litiyning boy manbasi hisoblanadi. Argentina ham shunday loyihalar ko‘lamini kengaytirmoqda. Behisob litiy zaxirasi bilan tanilgan Boliviya uchun esa resurs salohiyatini tijoriy ishlab chiqarishga aylantirish alohida texnologik va iqtisodiy vazifa.
Litiy akkumulyator, elektr transport vositasi va energiya saqlash tizimi uchun ishlatiladi. IEA hisobotida hozirgi siyosat litiyga talabni 2040-yilgacha uch barobar oshirishi taxmin qilingan.
Kongo Demokratik Respublikasi – kobalt

Kongo ayrim litiy-ion akkumulyatorlari, maxsus qotishma va sanoat mahsulotlari tayyorlashda ishlatiladigan kobalt qazib olish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri sanaladi.
Bu bozorning o‘ziga xos jihati ta’minot asosan bir davlatga bog‘langanida. Kongo DR 2025-yil eksportni vaqtincha to‘xtatib, eksport siyosatini o‘zgartirgani narx hamda ta’minotga davlat qarori nechog‘li ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Indoneziya – nikel

Indoneziya oxirgi yillarda nikel qazib olish va qayta ishlashdagi ulushini keskin oshirdi. Mazkur modda zanglamaydigan po‘lat, turli qotishma va akkumulyatorning ayrim turlarini yasash uchun juda zarur.
Ushbu minglab orollardan iborat mamlakatning ahamiyati faqat ruda qazib olish bilan cheklanmaydi: eritish va qayta ishlash korxonalari rivojlangani xalqaro sanoat zanjirida qo‘shimcha ustunlik bergan. IEA ma’lumotida Indoneziya nikel ta’minoti jadal o‘sayotgan asosiy manzil sifatida ko‘rsatilgan.
Xitoy – grafit va nodir yer unsurlari

Xitoyning ahamiyati konlar bilan birga qayta ishlash quvvatida ham namoyon. Mamlakat grafit va boshqa nodir yer unsurlarini qayta ishlash bo‘yicha asosiy markaz sifatida tan olingan.
Noyob moddalar shamol turbinasi, elektromobil ishlab chiqarish, shuningdek elektronika va mudofaa sanoatida ishlatiladi. Ayrim elementlardan tayyorlanadigan yuqori samarali magnitni tezda boshqa material bilan almashtirish oson emas. Shu bois eksport cheklovi faqat xom ashyo xaridoriga emas, balki tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Avstraliya – litiy va nodir yer elementlari

Litiy qazib oladigan yirik davlat – Avstraliya noyob yer elementlari ta’minotini diversifikatsiya qilish bo‘yicha yetakchi. Yashil qit’aning ahamiyati shundaki, boshqa davlatlarga xom ashyo manbasini ko‘paytirish imkonini beradi. Ya’ni, qazib olingan rudadan tayyor kimyoviy mahsulot yoki magnit ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha qayta ishlash quvvati va texnologiya talab etiladi.
Chili, Peru, Kongo va Zambiya – mis

Mis elektr tarmog‘i, elektromobil, ma’lumot markazi va sanoat uskunalari uchun kerakli xom ashyo hisoblanadi. Chili va Peru mis qazib oluvchi yetakchi mamlakatlar, Kongo DR va Zambiya esa Afrikaning asosiy mis mintaqasini tashkil etadi.
Ushbu moddaga talab o‘sishi faqat energetika rivojlanishi bilan bog‘liq emas. Elektr tarmog‘ini kengaytirish, sanoatni elektrlashtirish va raqamli infratuzilma ham ko‘p miqdorda mis talab qiladi. Mavjud loyihalarning hozirgi tarkibi saqlansa, 2035-yil taklif talabdan taxminan 25 foiz kam bo‘lishi mumkin. Bu taxmin, albatta. Yangi konlar ochilishi va sarmoya ko‘payishi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin.
Nega resurslar atrofida raqobat kuchaymoqda?
IEA hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yil muhim minerallarga investitsiya 9 foiz kamaygan. Qolaversa, 2025-yil va joriy yil boshida ayrim moddalar narxi tiklangan, eksport cheklovi esa ta’minotdagi noaniqlikni kuchaytirgan.
Bunday vaziyatda davlatlar uchun uch masala bor:
Birinchi – xom ashyo kafolati. Elektromobil, mitti chip yoki akkumulyator korxonasi uchun zarur mineral vaqtida yetkazilishi mahsulot tannarxi va ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlaydi.
Ikkinchi – qayta ishlash texnologiyasiga egalik. Qazib olishdan keyin rudani ajratish, tozalash va sanoatda ishlatiladigan materialga aylantirish bosqichi bor. Ayrim minerallar bozori bilan bog‘liq aynan shu jarayon atigi bir necha mamlakatda yo‘lga qo‘yilgan.
Uchinchi – ta’minot manbasini ko‘paytirish. Agar muayyan mineral yoki moddani qayta ishlash bo‘yicha bir davlatga qaramlik kuchli bo‘lsa, eksport cheklovi, siyosiy kelishmovchilik yoki ishlab chiqarishdagi avariya butun zanjirga ta’sir qiladi.
Demak, dunyoviy raqobatni faqat kon uchun kurash sifatida tushunish to‘g‘ri emas. Bu – xom ashyo, texnologiya, qayta ishlash quvvati, sarmoya va tayyor mahsulot bozoridagi o‘zaro bog‘liq raqobat.
O‘zbekiston: Resurs bor, endi qiymatni oshirish kerak

O‘zbekiston uchun muhim minerallar bozoridagi o‘zgarish faqat tashqi jarayon emas. Mamlakatda mis, volfram, molibden, litiy, grafit, germaniy va boshqa strategik xom ashyo turlariga oid resurslar mavjud. Faqat geologik zaxira, sanoat miqyosida o‘zlashtirish imkoniyati va amaldagi ishlab chiqarish hajmini bir-biridan farqlash zarur.
2025-yil 11-martdagi rasmiy ma’lumot yurtimizda volfram, molibden, magniy, litiy, germaniy, grafit, vanadiy va titan kabi minerallar bo‘yicha 30 dan ziyod metall koni aniqlanganiga ishora beradi. O‘sha paytdagi rejaga muvofiq, uch yil ichida 28 turdagi kamyob mineralni qamrab olgan 76 loyihaga jami 2,6 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bu raqamlar amalda to‘liq o‘zlashtirilgan mablag‘ni emas, rejalashtirilgan sarmoyani anglatadi.
15-iyunda Prezident matbuot xizmati muhim minerallar xom ashyo bazasini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha yangi reja e’lon qildi: 2026-2030-yillarda 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyiha amalga oshirish, 2028-yil sohada ishlab chiqarish qiymatini 1 milliard dollarga, 2030-yil esa 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Mamlakatimiz uchun eng dolzarb vazifa – resursni qazib olish bilan cheklanmaslik. Masalan, volfram va molibdenni chuqur qayta ishlash orqali metall kukuni, qotishma, sim va sanoat uchun ehtiyot qism yaratish mumkin. Shu tariqa xom ashyoni eksport qilishdan ko‘ra, murakkabroq ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish imkoni paydo bo‘ladi.
Bunday natijaga erishish uchun investitsiyaning o‘zi yetarli emas: zamonaviy boyitish texnologiyasi, energiya va suv ta’minoti, malakali muhandislar, ilmiy laboratoriya hamda tayyor mahsulot uchun barqaror xaridor zarur. Shuningdek, har bir mineral bo‘yicha iqtisodiy samaradorlik va ekologik xarajat alohida hisoblanishi shart.
Asosiy farq: zaxira, qazib olish va qayta ishlash
Muhim minerallar haqidagi ma’lumotda ko‘pincha bir-biriga yaqin, ammo mazmunan farqli uch tushuncha aralashib ketadi.
– Geologik resurs yoki zaxira – yer ostida mavjudligi aniqlangan yoki baholangan xom ashyo. Manbaning borini muayyan sharoitda foydali qazib olish iloji bo‘lmasligi mumkin.
– Qazib olish – kondan ruda yoki mineralni amalda chiqarib olish hajmi. Bu ko‘rsatkich kon quvvati, sarmoya va texnologiyaga bog‘liq.
– Qayta ishlash – xom ashyoni sanoatda ishlatiladigan materialga aylantirish. Ayrim hollarda aynan shu bosqich ta’minot zanjirining eng tor nuqtasiga aylanadi.
AQSH Geologiya xizmatining 2026-yilgi “Mineral Commodity Summaries” hisoboti 90 dan ortiq mineral va material bo‘yicha jahon ishlab chiqarishi, zaxira va bozorga oid ma’lumotni qamrab olgan. Mamlakatlar imkoniyatini taqqoslashda ishonchli manba bo‘lsa-da, ushbu hujjatda keltirilgan har bir mineral ko‘rsatkichini alohida tekshirish lozim.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning xalqaro bozor kelajagidagi o‘rnini faqat kon soni bilan o‘lchash yaramaydi. Asosiy mezon – iqtisodiy jihatdan o‘zlashtiriladigan resurs, amaldagi ishlab chiqarish quvvati, qayta ishlash texnologiyasi va eksportbop mahsulot turlaridir.
Xulosa: boylik yer ostida, ustunlik qiymat zanjirida
Muhim minerallar jahon iqtisodiyotida asosiy masalalardan biriga aylanmoqda. Chili va Argentina litiy, Kongo Demokratik Respublikasi kobalt, Indoneziya nikel, Xitoy esa grafit va boshqa turli nodir yer unsurlarini qayta ishlashda ilg‘or. Avstraliya va mis ishlab chiqaruvchi mamlakatlar ham jahon ta’minoti diversifikatsiyasida munosib o‘rin egallagan.
O‘zbekistonda ham salohiyat bor. Faqat shu imkoniyatni iqtisodiy foydaga aylantirish resursni aniq baholash, samarali qazib olish, chuqur qayta ishlash va talabgir tayyor mahsulot ishlab chiqarishni taqozo etadi. Xullas, muhim minerallar bozorida ustunlikka erishish faqat zaminimiz qa’rida qancha boylik borligi emas, balki shu injudan haqiqiy qiymat yaratish qobiliyati bilan belgilanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA