9-tur bahslari Jizzaxda bo‘lib o‘tmoqda
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati oliy ligasi jamoalarining 9-tur uchrashuvlariga Jizzax shahri mezbonlik qilmoqda.
Oliy liganing 12 jamoasi 2 guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishdi. 1-guruhdan joy olgan jamoalar 9-turning ilk uchrashuvlarini Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” sport majumasida o‘tkazdi.

Birinchi uchrashuv Toshkentning “Lokomotiv” va “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasida kechdi va unda 2:4 hisobida “Qaldirg‘ochlar”ning qo‘li baland keldi.
2-bahsda Olmaliqning AGMK klubi Farg‘onaning “Neftchi” jamoasiga hech qanday imkoniyat qoldirmay, 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Ushbu turning so‘ngi bahsida Qarshining “Nasaf” jamoasi maydon egalari, chempionat karvonboshisi – Jizzaxning “Huaxin-Jizzax” klubi bilan uchrashdi. Bu bellashuvda jizzaxliklar raqiblari darvozasiga 9 ta gol kiritib, o‘z darvozalaridan 2 gol o‘tkazib yubordi. Yakuniy hisob 9:2 jizzaxlik futzalchilar foydasiga yakunlandi va ular turnir jadvalidagi karvonboshilikni yanada mustahkamlab oldi.

Shuningdek, ushbu turning ikkinchi guruhida “Dinamo” (Samarqand), “Maksam-Chirchiq” (Chirchiq), “Paxtakor” (Toshkent), “Navbahor” (Namangan), “Stroitel-Zarafshon” (Navoiy) hamda “Metallurg” (Bekobod) klublari ham o‘zaro bahslarda ishtirok etadi.
Uchrashuvlar davom etmoqda.
A.Qayumov, O‘zA