O‘zbekiston Xalqaro pochta reytingida 11 pog‘ona yuqoriladi
O‘zbekiston xalqaro pochta aloqasi sohasidagi ko‘rsatkichlarini yaxshilab, navbatdagi ijobiy natijaga erishdi.
Butunjahon pochta ittifoqining Xalqaro pochta aloqasi rivojlanish indeksi (2IPD) bo‘yicha mamlakatimiz 181 ta davlat orasida 64-o‘rinni egalladi. Bu avvalgi natijaga nisbatan 11 pog‘ona yuqori demakdir. Avval O‘zbekiston ushbu reytingda 75-o‘rinda qayd etilgan edi.
Mamlakatimizning pochta sohasidagi xalqaro ko‘rsatkichlari yaxshilanayotgani avvalgi natijalarda ham kuzatilgan. Jumladan, 2023-yilda Butunjahon pochta ittifoqining pochta aloqasini rivojlantirish bo‘yicha hisobotida «O‘zbekiston pochtasi» AJ 115-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilgan.
Shu yilning 5-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon pochta ittifoqining IV Favqulodda kongressida O‘zbekiston «Pochta taraqqiyotining yuksaluvchi yulduzi» mukofoti bilan ham taqdirlangan edi.
Xalqaro pochta aloqasi rivojlanish indeksi mamlakatlarning pochta sohasidagi taraqqiyoti, milliy pochta tizimlarining samaradorligi va xalqaro tarmoqlarga integratsiyalashuv darajasini baholashda muhim mezon hisoblanadi.
Bugungi kunda pochta xizmati faqat xat va jo‘natmalarni yetkazib berish bilan cheklanib qolmaydi. U elektron tijoratni rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarga qulay logistika xizmatlarini ko‘rsatish hamda xalqaro savdo aloqalarini qo‘llab-quvvatlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Shu bois pochta infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmatlar sifatini oshirish va raqamli yechimlarni joriy etish soha taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
O‘zbekistonning xalqaro reytingda 11 pog‘ona yuqorilashi esa milliy pochta tizimini rivojlantirish va mamlakatning global pochta tarmog‘idagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi ijobiy natijadir.
Nigora Rahmonova,
O‘zA