Xo‘jailg‘orda milliy ot sporti musobaqalari o‘tkazildi
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani Xo‘jailg‘or qishlog‘ida Milliy gvardiya tashabbusi bilan sohibqiron Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan milliy ot sporti musobaqalari tashkil etildi.
Unda jamoaviy uloq-ko‘pkari, olomon ulov ot sporti, ot ustida kurash, polvonlar bellashuvlari va chavandozlarning mahorat namoyishlari muxlislarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Shuningdek, Milliy gvardiya kavaleriya eskadroni harbiy xizmatchilari jigitovka elementlarini namoyish etdi. Chavandozlarning mahorati, otlarning chaqqonligi va jamoaviy uloq-ko‘pkari bahslari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy gvardiyaning ashula va raqs ansambli xonandalari ijrosidagi konsert dasturi esa tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.

Musobaqalarga mahalla yoshlari va aholi vakillaridan mingga yaqin kishi tashrif buyurib, milliy sport musobaqalarini tomosha qildi va madaniy hordiq chiqardi.
Tadbir doirasida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sportga keng jalb etish va giyohvandlikka qarshi kurashish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Soha mutaxassislari giyohvandlikning salbiy oqibatlari va uning oldini olishda sportning ahamiyati haqida so‘z yuritib, yoshlarga tegishli targ‘ibot materiallarini tarqatdi.

Bunday tadbirlar milliy ot sporti an’analarini asrab-avaylash, yoshlarda milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri