78 million so‘mdan ziyod jarimaga sabab bo‘ldi
Atrof-muhitni asrash, o‘simliklar dunyosiga ijobiy munosabat nafaqat yashil olam va musaffolikni muhofaza qilish, balki salomatlik hamda kelajakni asrash ham demakdir. Bu boradagi e’tiborsizlik qonunlarga muvofiq javobgarlikka olib keladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Chust tumanlararo sudida videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan sud majlisida ayni shunday atrof-muhitga e’tiborsizlik bilan bog‘liq ish ko‘rildi.
Da’vogar Toshkent shahri ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi vakilining bildirishicha, javobgar shaxs poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylarga yondosh hududdagi besh tup eldor qarag‘ay daraxtlarini vakolatli idoralar ruxsatisiz hamda hech qanday hujjatlarsiz kesib, nobud qilib, o‘simlik dunyosiga 78 million 750 ming so‘m zarar yetkazgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudi sudyasi Ilyosjon To‘ychiyevning qayd etishicha, taqdim etilgan hujjatlarga asosan da’vo asosli deb, topilib, javobgardan boshqarma foydasiga belgilangan miqdordagi tabiatga yetkazilgan moddiy zarar, davlat boji hamda sud xarajatlarini tegishli tartibda undirilishi yuzasidan hal qiluv qarori chiqarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.