7 ming 500 dollar egalariga qaytarildi
Joriy yilning 23 sentabr kuni Mingbuloq tumani Mehnatobod mahallasida yashovchi I.Umarov 2019 yilning avgust oyi oxirlarida Jomashuy shaharchasi dehqon bozoridan Azamat ismli sotuvchidan o‘g‘liga 50 ming so‘mga poyabzal sotib olgan. U
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Namangan viloyati hududiy birlashmasi tizimida fuqarolar tomonidan savdo, maishiy va kommunal xizmat ko‘rsatishdagi ayrim kamchilik hamda nuqsonlar yuzasidan tushgan murojaatlar o‘z vaqtida o‘rganilib, qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 23 sentabr kuni Mingbuloq tumani Mehnatobod mahallasida yashovchi I.Umarov 2019 yilning avgust oyi oxirlarida Jomashuy shaharchasi dehqon bozoridan Azamat ismli sotuvchidan o‘g‘liga 50 ming so‘mga poyabzal sotib olgan. U o‘n kun ham kiyilmasdan yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Bundan norozi bo‘lgan I.Umarov sotuvchi Azamatning oldiga borib bu haqda aytganda, sotuvchi eshitishni istamagani to‘g‘risida yozma murojaat qildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar xuquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 13-moddasida iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda xaridor tomonidan bajariladigan majburiyatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, jumladan, iste’molchiga tovarni maqbul sifatli tovarga almashtirib berish yoki keltirilgan zararni qoplab berish lozimligi belgilab qo‘yilgan.
Murojaatda keltirilgan holatlar yuzasidan tumandagi dehqon bozorida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan fuqaro A.Abdusalomov bilan suhbatlashib, ushbu qonun talablari tushuntirilganda, sotuvchi I.Umarovga poyabzal uchun to‘langan pul qaytarib berildi.
Mingbuloq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida yashovchi bir guruh fuqarolar yashayotgan hududlarida xususiy tartibda “Damas” avtomashinasida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan haydovchilar yo‘l xaqini asossiz ravishda oshirib yuborilganidan norozi bo‘lib, murojaat qildi. Ushbu murojaatlar har ikki tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda yo‘lovchilar e’tirozi o‘rinli ekani aniqlandi.
Yana bir aldov haqida ariza Namangan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga tushdi. Unda yozilishicha, bir qator fuqarolar haj safariga borish uchun Namangan shahridagi maxsus firma bilan shartnoma imzolaydi. Lekin aytilgan vaqtda jo‘nab keta olmaydi. Bunga firma tomonidan viza chiqmagani sabab qilib ko‘rsatiladi. Noiloj qolgan fuqarolar pullarini qaytarishni talab qilganida, firma rahbari buni paysalga solib, turli sanalarni aytib vaqtdan yutadi. Mutaxassislar tomonidan mazkur holat o‘rganilib, 7 ming 500 dollar egalariga qaytarilishiga erishildi.
Gulchehra ERKAEVA,
Namangan viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasining
matbuot va axborot mutaxassisi.