Kitob – bebaho ma’naviy xazina
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ta’lim maskanlari, axborot-resurs markazlari, “Barkamol avlod” bolalar markazlarida maktab o‘quvchilarining qishki ta’tilini sermazmun o‘tkazish maqsadida turli qiziqarli ma’rifiy tadbirlar, ijodiy tanlovlar, viktorinalar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ta’lim maskanlari, axborot-resurs markazlari, “Barkamol avlod” bolalar markazlarida maktab o‘quvchilarining qishki ta’tilini sermazmun o‘tkazish maqsadida turli qiziqarli ma’rifiy tadbirlar, ijodiy tanlovlar, viktorinalar o‘tkazilmoqda.Respublika bolalar kutubxonasida tashkil etilgan “Kitob – bebaho ma’naviy xazina” nomli ma’rifiy kecha ulardan biridir. Ushbu tadbirga Toshkent shahridagi Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlar o‘quvchilari taklif etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, maxsus ta’limni davr talabiga mos tarzda takomillashtirish, o‘qitish sifati va mazmunini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ixtisoslashgan ta’lim-tarbiya maskanlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularni zamonaviy jihozlar, axborot-kommunikatsiya vositalari, maxsus uskuna va mebellar bilan ta’minlash, alohida ehtiyojli bolalarga zamonaviy usullar yordamida pedagogik, ijtimoiy, davolash-korreksion xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublika bolalar kutubxonasida ham yurtimizda bolalar uchun chop etilgan turli o‘quv-ma’rifiy, badiiy, ilmiy-texnikaviy adabiyotlar bilan birga audio yozuvli, brayl alifbosidagi kitoblarni imkoniyati cheklangan o‘quvchilar e’tiboriga havola etish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Ayni paytda maxsus ta’lim maskanlari tarbiyalanuvchilarining talabiga ko‘ra ushbu o‘quv muassasalariga zarur adabiyotlar, bosma nashrlarni yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.
– Maskanimizda tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni bo‘lgan 300 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi, – deydi Toshkent shahridagi 1-Muruvvat uyi tarbiyachisi Hamida Rustamova. – Ularning bilim olishi, yuksak ma’naviyatli shaxs bo‘lib voyaga yetishi uchun hamma sharoit mavjud. Maxsus dastur asosida ta’lim berish jarayonida bolalarning kitobxonlik madaniyatini, milliy adabiyotimizga bo‘lgan mehrini oshirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Tadbirda o‘quvchilarning adabiyotga oid bilimini sinovdan o‘tkazuvchi ijodiy viktorina o‘tkazildi. Faol qatnashgan o‘g‘il-qizlarga badiiy kitoblardan iborat sovg‘alar topshirildi. San’atkorlar ishtirokidagi musiqiy dastur ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.