66 ta oltin medal qo‘lga kiritildi
15–22 sentyabr kunlari Toshkent dengizi sohilida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. U–15 va U–17 yosh toifasidagi o‘smir o‘g‘il, qizlar akademik eshkak eshish turida bir-biridan nufuzli sportchilar bilan raqobatda o‘z mahoratlarini sinab ko‘rdilar.
Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Andijon, Buxoro, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridan kelgan yosh sportchilar sovrinli o‘rinlar uchun shiddatli bahs olib borishdi.

Natijalarga ko‘ra, Sirdaryo jamoasi bu bellashuvda favqulodda natija ko‘rsatdi va 66 ta oltin, 20 ta kumush va 15 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi hamda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, musobaqada Shirin shahar sport maktabi tarbiyalanuvchilari har bir startda yuksak natija ko‘rsatib, jamoaga 19 ta oltin va 7 ta kumush medal olib keldi. Ularning zafarlari iste’dod va tinimsiz mashqlarning yaqqol samarasi sifatida yodda qoldi.

Murabbiylarning ta’kidlashicha, bu yuqori natijalar ko‘p yillik mehnat va tarbiyaning mevasidir. Darhaqiqat, Sirdaryoda akademik eshkak eshish sporti yildan-yilga ommalashib bormoqda. Jamoa g‘alabasi esa viloyatda sportga, xususan suv sporti turlariga katta e’tibor qaratilayotgani va amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini anglatadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbir