643 milliard so‘mlik mablag‘ talon-toroj qilingan holat fosh etildi
Mamlakatimizda davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va shaffof foydalanishni ta’minlash, korrupsiya va moliyaviy qonunbuzilishlarga qarshi murosasiz kurashish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu yo‘nalishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yirik iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash va ularning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Soliq qo‘mitasining Komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida katta miqdordagi byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holat fosh etildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda bir qator mas’uliyati cheklangan jamiyatlar va qo‘shma korxonalarning ayrim mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgan holda harakat qilgan. Ular Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan va qonunchilikka muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan 5,3 trillion so‘mlik xizmatlar uchun elektron hisob-fakturalarga noqonuniy ravishda QQS summalarini kiritgan.
Natijada byudjetda asossiz ravishda QQS mablag‘i shakllantirilib, ushbu mablag‘ning bir qismi “A.” MCHJ hisob raqamiga qaytarilishiga, shuningdek, “S.E.” MCHJ QKning davlat oldidagi kreditorlik qarzdorliklarini bartaraf etishga erishilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur harakatlar oqibatida davlat byudjetiga 643,2 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi ( o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda ish bo‘yicha barcha holatlarga huquqiy baho berish maqsadida keng qamrovli tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Tergov natijalari va sud qarorlari orqali mazkur ishning barcha tafsilotlariga huquqiy nuqtai nazardan oydinlik kiritilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri