6 mingdan ortiq oilaga Qurbon hayiti ehsonlari yetkazildi
Qurbon hayiti munosabati bilan Sirdaryo viloyatida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, inson qadrini ulug‘lash va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan xayr-saxovat tadbirlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-maydagi “Qurbon hayitini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatning barcha shahar va tumanlarida manzilli ijtimoiy ko‘mak tadbirlari tashkil etildi.


Jumladan, Sirdaryo viloyati bo‘yicha 6 ming 166 ta oziq-ovqat to‘plamlari tarqatilib, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar, davlat ta’minotidagi fuqarolar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga manzilli yordam ko‘rsatilmoqda.
Ehson to‘plamlari tarkibidan kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan bo‘lib, ular mahallalar bo‘yicha ehtiyojmand oilalarga yetkazib berilmoqda. Bu xayrli tadbirlarda mahalla faollari, nuroniylar, homiylar va keng jamoatchilik vakillari ham faol ishtirok etmoqda.


Ayniqsa, Qurbon hayiti arafasida ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ehtiyojmand oilalarda katta mamnuniyat uyg‘otmoqda. Fuqarolar davlat tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy siyosat, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlardan minnatdor ekanliklarini bildirmoqda.
– Bayram arafasida xonadonimizga kelib holimizdan xabar olishgani, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishgani biz uchun katta e’tibor bo‘ldi. Bunday mehr va g‘amxo‘rlik insonga kuch va ruhiy dalda beradi, – deydi Guliston shahrining Bo‘ston mahallasida yashovchi nuroniy Beknazar Mamatov.

Viloyatda o‘tkazilayotgan bunday xayr-ehson tadbirlari orqali aholi o‘rtasida mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga bayram shodiyonalarini ulashish maqsad qilingan.
Eng muhimi, bu kabi ezgu ishlar yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar amaliy natija berayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri