6–8 avgust kunlari magistraturaga qabul bo‘yicha rad etilgan arizalarni tahrirlash mumkin
Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bo‘yicha magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqildi. Arizalarni ko‘rib chiqish natijasida ko‘plab murojaatlar turli muayyan (tanlangan mutaxassislik bitiruvchining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mos yoki turdosh emasligi, so‘ralgan hujjat o‘rniga boshqa hujjat yuklangan yoki to‘liq yuklanmagan, yuklangan hujjatlar sifatsizligi hamda boshqa) sabablarga ko‘ra rad etilgan.
Shuni inobatga olib, 1–30 iyul kunlari magistr.edu.uz tizimidan magistraturaga o‘qishga kirish uchun ariza yuborgan va kamchiliklar mavjud bo‘lgani sababli arizasi rad etilgan talabgorlarga joriy yil 6–8 avgust kunlari arizalarni qayta tahrirlash imkoniyati yaratildi.
Ushbu muddatdan so‘ng tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi va kamchiliklar bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikati talab darajasida bo‘lmagani sababli rad etilgan arizalarni tahrirlash tavsiya etilmaydi, mazkur holda qayta tahrirlangan arizalar esa ko‘rib chiqilmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA