5 muhim tashabbus yoshlar hayotida qanday kechmoqda?
Toshkent shahar hokimligida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus ijrosi doirasida poytaxt yoshlari o‘rtasida olib borilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, xalq ta’limi bosh boshqarmasi mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda bu borada olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ma’lumki, «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iste’dodli avlodni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-ijodiy faoliyati uchun sharoit yaratish, yoshlar orasida sportni ommalashtirish kabi qator muhim vazifalar belgilangan. Bu vazifalar 5 muhim tashabbusning ham asosini tashkil etadi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, tegishli topshiriqlar yuzasidan joriy yilning yanvar-aprel oyida yoshlar o‘rtasida 4 ming 500 ga yaqin sport musobaqalari, qariyb 6 ming 500 ta madaniy-ma’rifiy hamda 1 ming 300 dan ziyod harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilib, ularda 781 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.
5 muhim tashabbus doirasida madaniyat markazlari, ta’lim muassasalari, sport ob’ektlarida 2 ming 877 ta to‘garak ochilgan. Mazkur to‘garaklarga 79 ming 334 nafar yosh jalb qilinib, turli xil yo‘nalishlarda o‘qitilmoqda. bugungi kunda sport seksiyalar soni 3 ming 830 taga yetkazilib, ularda 194 ming nafarga yaqin yoshlar shug‘ullanmoqda.
Anjumanda yoshlar bandligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, yanvar-aprel oylari davomida tumanlardagi uyushmagan, ishsiz yoshlarning 5 ming 665 nafarini ishga joylashtirish, 3 ming 876 nafarini “1+1” dasturi doirasida tadbirkorlarga biriktirish hamda 6 ming 747 nafarini o‘zini-o‘zi band qilishga ko‘maklashish orqali jami 21 ming 152 nafar yoshlar bandligi ta’minlangan.
– 1 ming 359 nafar yoshning tadbirkorlik loyihalari uchun 148 milliard 386 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi, – dedi Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi Shukrullo Anvarov. –May oyida esa ishsiz yoshlarning 2 ming 300 nafarini bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish, 685 nafarini kasb-hunarga o‘qitish, 1 ming 614 nafarini “1+1” dasturi doirasida tadbirkorlarga biriktirish, 280 nafarini tadbirkorlikka jalb etish rejalashtirilgan.
Joriy o‘quv yilida maktabni tamomlaydigan 27 ming 995 nafar bitiruvchidan ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirish istagida bo‘lmagan 5 ming 600 nafarini kasb-hunarga o‘qitish orqali ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari belgilangan.
Anjumanda shuningdek, yoshlarni kitobxonlikka jalb etish, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida qilingan ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA