Ozarbayjon san’atining yorqin namoyandasi Nasiba Zeynalovaning 110 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida Ozarbayjonning taniqli teatr va kino aktrisasi, milliy sahna san’atining yorqin namoyandasi Nasiba Zeynalovaning 110 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk san’atkorning boy ijodiy merosini yod etish, uning milliy teatr va kino san’ati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etish, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, birodarlik va madaniy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan iborat.
Tantanali tadbir ikki xalqning mushtarak ma’naviy qadriyatlari, boy madaniy merosi va san’atga bo‘lgan yuksak ehtiromini namoyon etuvchi muhim madaniy voqea sifatida ahamiyat kasb etdi. Unda Nasiba Zeynalovaning serqirra ijodi, sahnadagi betakror mahorati, o‘ziga xos ijro uslubi hamda Ozarbayjon teatr san’ati taraqqiyotida tutgan alohida o‘rniga e’tibor qaratilmoqda.
Nasiba Zeynalova o‘zining ko‘p yillik ijodiy faoliyati davomida tomoshabinlar mehrini qozongan, milliy teatr san’atining o‘ziga xos an’analarini boyitgan va o‘zidan munosib ijodiy meros qoldirgan san’atkorlardan biri hisoblanadi. Uning obrazlaridagi samimiyat, hayotiylik, nozik yumor va yuksak aktyorlik mahorati san’at ixlosmandlari qalbidan chuqur joy olgan. San’atkorning ijodiy merosi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan holda, yangi avlod aktyorlari va san’at muxlislari uchun muhim ma’naviy boylik bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida buyuk san’atkorning hayoti va ijodiy yo‘li, uning Ozarbayjon madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini keng jamoatchilikka yetkazish hamda ikki mamlakat san’at namoyandalari o‘rtasidagi ijodiy muloqotni rivojlantirish borasida batafsil so‘z yuritildi. Nasiba Zeynalova qardosh xalqning teatr va kino sohasida ko‘plab takrorlanmas rollar yaratgani diqqatga sazovor. Ayniqsa san’atkorning “Qaynona” filmidagi bosh roli – qaynona roli xalqimizning qalbidan o‘rin olgan.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutadi. Bunday madaniy tadbirlar orqali har ikki xalqning milliy san’ati, adabiyoti, teatri va kinosi namunalari keng targ‘ib qilinib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik an’analari mustahkamlanadi.
Muqimiy teatrida o‘tkazilayotgan mazkur yubiley tadbiri ham san’atning millat va chegara tanlamasligini, madaniyat esa xalqlarni birlashtiruvchi muhim ko‘prik ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Nasiba Zeynalovaning 110 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tadbir nafaqat buyuk san’atkor xotirasiga ehtirom, balki O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, mushtarak madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.
N.Usmonova, O‘zA