Ona tilimiz haqida faqat O‘zbek tili bayrami kuni emas, har kuni qayg‘uraylik
Ona tilimiz haqida gap ketsa, "milliy g‘ururimiz", "uni asrashimiz kerak", "yoshlar o‘zbek tilini yaxshi bilishi shart" degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Bularning barchasi to‘g‘ri. Ammo bir savol bor: agar tilimizni shunchalik yaxshi ko‘rsak, nega uning kundalik hayotdagi mavqei hanuz ko‘ngildagidek emas?
Achchiq haqiqat shuki, o‘zbek tiliga eng katta xavf har doim ham chetdan kelmaydi. Ba’zan muammoni o‘zimiz yaratamiz: tilni yaxshi ko‘ramiz, ammo unga yetarlicha ehtiyoj yaratmaymiz, uni maqtaymiz, ammo ishlatishga kelganda osonroq yo‘lni tanlaymiz.
Tilni bir kun emas, har kuni hurmat qilish kerak
Bizda til haqida gapirishning o‘ziga xos bir odati bor: 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami yaqinlashsa, davlat tili haqida ko‘p gapiramiz, tadbirlar o‘tkazamiz, she’rlar o‘qiymiz, ijtimoiy tarmoqlarda chiroyli tabriklar joylaymiz. Keyin esa yana bir yilga jim bo‘lib qolamiz.
Aslida tilning taqdiri bir kunlik tadbir bilan belgilanmaydi. U avtobusda, bozorda, do‘konda, ishxonada, oilada va ijtimoiy tarmoqlarda har kuni qanday ishlatilayotgani bilan belgilanadi.
Men Samarqand shahrida yashayman. Kundalik hayotda bunga juda ko‘p misol uchraydi. Masalan, avtobusda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotgan odamning o‘zbekcha gapirayotgani yaxshi, lekin ba’zan gaplar shunday aralashib ketadiki, odam qaysi tilda muloqot bo‘layotganini ham anglashga qiynaladi. Yana bir qiziq holat: shaharning avtobus bekatlariga yangi, rasmiy nomlar berilgan. Ammo ayrim norasmiy pattachilar hali ham «Araqzavod!», «Dagbitskiy!», «Gelion!», «Pavarot!», «Bulvar!», «GUM!», «Oblastnoy!» deb yo‘lovchilarga bekatlarning eski nomlarini eslatadi.
Bu yerda masala faqat bekat nomida emas. Norasmiy odatlar ba’zan rasmiy o‘zgarishlardan ham kuchliroq yashovchan bo‘ladi. Demak, til va nomlar masalasida qog‘ozdagi qarorning o‘zi yetarli emas, odamlarning kundalik odati ham o‘zgarishi kerak.
«Zamonaviylik»ni o‘z tilimizdan uzoqlashish deb tushunmaslik kerak
Ko‘p til bilish – albatta, katta boylik. Ingliz, rus yoki boshqa tillarni yaxshi o‘zlashtirish insonning imkoniyatlarini kengaytiradi. Muammo chet tilida emas, o‘z tilini bilishni ikkinchi darajali deb qabul qilishda.
Bir tanishimnikiga mehmonga bordim. O‘g‘liga bir-ikki og‘iz gapirdim, ammo u javob qaytarmadi. Uning o‘rniga otasi faxr bilan javob berdi:
– O‘g‘lim rus maktabida o‘qiydi, rus tilini juda yaxshi biladi. Qo‘shimcha ravishda yana ikki chet tilini o‘rganyapti. Uyda ham rus tilida gaplashamiz. Shuning uchun unga o‘zbekcha gapirsangiz, yaxshi tushunmaydi.
Albatta, farzandning bir nechta tilni bilishi quvonarli. Ammo shu suhbatda bir savol meni o‘ylantirdi: bola dunyoning bir nechta tilini o‘rganayotgan bir paytda, o‘z tilida erkin gapirish, fikrlash imkoniyatidan ayrilmayaptimi? Biz farzandlarimizni dunyo bilan muloqot qilishga tayyorlayapmiz. Ammo ular o‘z tilida ham bemalol o‘qib, fikrlab, o‘zini ifoda eta olishiga sharoit yaratyapmizmi?
Bolaga «o‘zbek tilini sev» deyishning o‘zi kamlik qiladi. Agar u o‘zbek tilida sifatli kitob, qiziqarli kino, zamonaviy texnologiya, ilm-fan va kasbiy bilim topa olsa, bu tilga ehtiyoji ham ortadi. Tilning nufuzi shior bilan emas, unga bo‘lgan ehtiyoj bilan oshadi.
Shuning uchun «nega boshqa tilda gapiryapsan?» deb koyishdan oldin, «o‘zbek tilida unga nimani taklif qildik?» degan savolni o‘zimizga berishimiz kerak.
Ijtimoiy tarmoqdagi bitta gap ham tilga munosabatni ko‘rsatadi
Til hurmati faqat katta-katta nutqlarda emas, yozgan bir jumlamizda ham ko‘rinadi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekcha yozishmalarni ko‘ramiz: imlo qoidalariga e’tibor yo‘q, so‘zlar qisqartirilgan, gaplar chala, lotin va kirill harflari aralash, ba’zan esa bir jumlada uch-to‘rt til qorishib ketgan. Albatta, messenjerda har bir xabarni ilmiy maqola darajasida yozish shart emas. Lekin doimiy chalasavod yozish odatga aylansa, bu tilga munosabatimiz haqida nima deydi?
Yana bir muammo – «o‘zbekcha bo‘lsa bo‘ldi» degan qarash. Sifatsiz tarjima, sun’iy iboralar, tushunarsiz rasmiy matn yoki imloviy xatolarga to‘la kontentni «milliy kontent» deb qo‘llab-quvvatlash tilga katta xizmat emas.
Masalan, biror murakkab tibbiy yoki huquqiy masalani internetdan izlagan odam o‘zbek tilida aniq va sodda tushuntirilgan ma’lumot topmasa, boshqa tildagi manbaga o‘tadi. Buning uchun uni ayblab bo‘lmaydi. Odam sifatli axborotni qayerdan topsa, o‘sha yerga boradi.
Shuning uchun tilni asrashning eng yaxshi yo‘llaridan biri – unda sifatli narsalarni ko‘paytirish: yaxshi kitob, mazmunli maqola, sifatli videolar, podkastlar, ilmiy va kasbiy manbalar, tushunarli tarjimalar.
Tilni qonun emas, kundalik ehtiyoj kuchaytiradi
Tilning huquqiy maqomi juda muhim. Lekin qonun tilga maqom berishi mumkin, uning obro‘sini esa jamiyat yaratadi.
Ko‘chada avtobus kutayotgan odamning qaysi tilda gapirayotgani, bozorda sotuvchi xaridor bilan qanday muloqot qilayotgani, shifokor bemorga ma’lumotni qanday tushuntirayotgani, davlat idorasida fuqaroga qanday xizmat ko‘rsatilayotgani – mana shu oddiy holatlar tilning haqiqiy mavqeini belgilaydi.
Biz o‘zbek tili – davlat tili deb aytamiz. Lekin davlat tili bo‘lishning o‘zi yetarli emas. U zamonaviy hayotning barcha sohalarida qulay, aniq va sifatli ishlay oladigan til bo‘lishi kerak.
Biznesda, texnologiyada, sun’iy intellektda, tibbiyotda, huquqda, ta’limda va ilm-fanda o‘zbek tilida yaxshi ishlash imkoni qancha ko‘p bo‘lsa, uning mavqei shuncha mustahkam bo‘ladi.
Shunda odam o‘zbek tilini «vatanparvarlik uchun» emas, unga haqiqatan ehtiyoj sezgani uchun ishlatadi.
Eng katta xavf – tilimizni o‘zimiz keraksiz qilib qo‘yishimiz
Tilni boshqa tillardan so‘z kirib kelayotgani uchun yo‘qotib qo‘ymaymiz. Tillar doimo bir-biridan so‘z oladi. Muammo – o‘z tilimizda aniq va tushunarli so‘z bo‘laturib, boshqa tildagi atamani «zamonaviyroq» deb bilishimizda.
Tilni bir kunda ham yo‘qotib qo‘ymaymiz. Avval unga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi. Keyin uning nufuzi pasayadi. Keyin farzandlarimiz unda murakkab mavzular haqida fikrlashni o‘rganmay qo‘yadi. Va oxirida o‘z tilimizda gapirishning o‘zi bizga noqulay tuyula boshlaydi.
Shuning uchun til masalasini faqat tilshunoslarga, maktablarga yoki davlat idoralariga yuklab qo‘yish noto‘g‘ri.
Bugun avtobusda, bozorda, ishxonada, oilada, internetda va farzandimiz tarbiyasida tilga qanday munosabatda bo‘lsak – ertaga tilimizning holati shunday bo‘ladi.
Ona tilimiz haqida faqat 21-oktabr kuni gapirmaylik. Uni har kuni ishlataylik, boyitaylik, unda sifatli kontent yarataylik, farzandlarimizga unda ham dunyo borligini ko‘rsataylik.
Chunki tilimizning eng katta himoyachisi ham, eng katta xavfi ham o‘zimiz.
To‘lqin Siddiqov,
Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.
O‘zA