35 kg.dan ortiq narkotik moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2003 y.t. va 1998 y.t. 2 nafar fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib, qo‘shni respublikadan mamlakatimiz hududiga o‘tgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Qonunbuzarlarga tegishli 2 ta sport sumkasi ichida esa 4 kg 884 gr “opiy” va 19 kg 863 gr “gashish” moddalari, shuningdek, 380 quti “Esse Change” nomli tamaki mahsulotlari borligi ma’lum bo‘ldi hamda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Holat yuzasidan narkokur’erlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 223, 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Afg‘onistondan kontrabanda qilingan narkotik moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Jumladan, 1978, 1981 va 2004-yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs davlat chegarasini buzgan holda, avtomobil g‘ildiragi kamerasi yordamida Amudaryodan suzib o‘tgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Tekshiruv jarayonida ularning yonida bo‘lgan xaltalar ichida 2 kg 708 gr “opiy” va 8 kg 257 gr “gashish” moddalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, narkosavdogarlar giyohvandlik vositalarini kerakli manzilga yetkazib berishlari evaziga ushbu kur’erlarga har bir kilogramm yuk uchun 200 AQSH dollari miqdorida pul va’da qilishgan.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 223 va 246-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.