30-maydan boshlab Termiz – Istanbul – Termiz aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda transport va logistika tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish hamda turizm salohiyatini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, mamlakatning tarixiy shaharlari va strategik hududlarida xalqaro aviatsiya tarmoqlari orqali iqtisodiy faollikni kuchaytirish, xorijiy investor va sayyohlarni jalb qilish maqsad qilinmoqda.
Shu jarayonda 30-maydan boshlab yo‘lga qo‘yilayotgan Termiz – Istanbul – Termiz muntazam aviaqatnovi alohida ahamiyat kasb etadi. Haftasiga ikki marta - chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladigan ushbu reys nafaqat janubiy hudud aholisi uchun qulay transport imkoniyatini yaratadi, balki O‘zbekistonning xalqaro turizm va biznes aloqalarini kengaytirishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi aviaqatnov O‘zbekistonga kiruvchi turizm oqimini oshirishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda. Ayniqsa, tarixiy va ziyorat turizmi yo‘nalishida Termizning imkoniyatlari juda katta. Shaharda qadimiy qal’alar, arxeologik obidalar va noyob madaniy meros namunalari mavjud. Xorijiy sayyohlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning mavjudligi safarni ancha qulaylashtiradi. Avvalroq ko‘plab turistlar Termizga yetib borish uchun bir necha bosqichli yo‘nalishlardan foydalanishga majbur bo‘lardi.
Endi esa Istanbul orqali xalqaro sayohatchilar qisqa vaqt ichida O‘zbekiston janubiga yetib kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa mehmonxona, restoran, transport, gidlik xizmatlari va hunarmandchilik kabi turizm bilan bog‘liq sohalarda iqtisodiy faollikni oshiradi.
Termiz – Istanbul – Termiz aviareysining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya tarmog‘ini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Ushbu yangi yo‘nalish turizm rivoji, iqtisodiy hamkorlik, investitsion faollik va hududiy infratuzilmaning takomillashuviga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu tashabbus Termizning xalqaro ahamiyatini oshirib, uni Janubiy O‘zbekistonning muhim transport va turizm markaziga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Yangi aviaqatnovlar mamlakatning ochiqlik siyosatini yanada kuchaytirib, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘ZA