30 ga yaqin talabaning o‘qish pullari to‘lab beriladi
Toshkent davlat pedagogika universitetida Yoshlar ishlari agentligining Toshkent shahar va Chilonzor tuman tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlar muammolarini yechishga qaratilgan muloqot tashkil etildi.
O‘zaro suhbat davomida yoshlarni qiynayotgan muammolar, takliflar va murojaatlar o‘rganildi hamda ulardan bir qanchasi hal etildi.

– Toshkent shahrida muqim istiqomat qiluvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘qish uchun kontrakt summalari to‘lab berilishi bo‘yicha kelishib olindi, – deydi universitet yoshlar boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Mumtoz Meliqo‘ziyev. – Bu kabi yordam, homiylik ishlari, albatta, iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan talabalarga ko‘mak berishi bilan birga, ularning faqat ilm olish haqida o‘ylashi, o‘z sohasining mutaxassisi bo‘lib shakllanishiga zamin yaratadi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, universitetda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan 30 nafarga yaqin talabaning kontrakt summalari to‘lab beriladigan bo‘ldi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA