28-sentabr – Xalqaro quturish kasalligiga qarshi kurashish kuni
Ushbu sana tarixda ilk bor quturishga qarshi samarali vaksina yaratgan fransiyalik buyuk olim Lui Paster xotirasiga bag‘ishlangan
Oradan asrlar o‘tgan bo‘lsa-da, asab tizimini kuchli zararlab, falajlik keltirib chiqaruvchi va oqibatda o‘lim bilan tugaydigan bu o‘ta xavfli yuqumli kasallik hamon insoniyat uchun jiddiy tahdidligicha qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili qariyb 60 mingga yaqin kishi quturishdan vafot etadi va bu fojialarning 99 foiziga bevosita itlar sababchi bo‘lmoqda.
Statistik raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, odamlar uchun quturish infeksiyasi manbai 95-97 foiz holatlarda itlar, qolgan 3-5 foiz qismi esa mushuklar va boshqa hayvonlar hissasiga to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Kasallik asosan hayvonlarning tishlashi, tirnashi yoki so‘lagi tegishi orqali o‘tadi. Eng muhimi, u odamdan odamga yuqmaydi, biroq hayvonlar orasidagi nazoratsizlik oqibatida minglab fuqarolar jabr ko‘rmoqda.
Afsuski, mamlakatimizda ham ko‘plab fuqarolar uy hayvonlarini saqlash qoidalariga rioya qilmasligi, sharoit bo‘lmay qolganda esa ularni ko‘chaga haydab yuborishi yoki tashlab ketishi oqibatida qarovsiz daydi itlar soni ko‘p. Hayvon tishlashidan jabrlangan fuqarolarni emlash uchun esa davlat byudjetidan milliardlab mablag‘lar sarflanayotir.
– Yurtimizda ushbu kasallik asosan hayvonlar o‘rtasida muntazam ravishda qayd etib boriladi. Bu jarayon veterinariya xizmati va sog‘liqni saqlash organlari tomonidan qat’iy nazoratga olingan, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Epidemiologiya va yuqumli kasalliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Qurbonbekov. – Odamlar orasida quturish holatlari juda kamdan-kam uchraydi, bu haqdagi ma’lumotlar davlat organlarining rasmiy hisobotlarida aks ettiriladi. Virusning asosiy tashuvchilari sifatida itlar, shuningdek, yovvoyi hayvonlardan tulki, bo‘ri, chiyabo‘ri, yenot va ko‘rshapalaklar chiqishi isbotlangan. Muhim jihati, virus faqat sutxo‘rlarni zararlaydi, qushlar, sudralib yuruvchilar, baliqlar va hasharotlar ushbu kasallik bilan og‘rimaydi. Hayvonlarning quturish kasalligiga chalinganini ularning xatti-harakatidan bilish mumkin. Kasal hayvonda agressivlik yoki aksincha, g‘ayritabiiy mehribonlik paydo bo‘ladi, ular bezovta bo‘lib, maqsadsiz yuguradi, qo‘rquv hissini yo‘qotadi. Shuningdek, ko‘p so‘lak oqishi, og‘izdan ko‘pik chiqishi, xirildoq ovoz chiqarish, suv va ovqatdan bosh tortish hamda orqa oyoqlar falajlanishi kuzatiladi. Bunday hayvonlarga hech qachon yaqinlashmaslik, ularni ovqatlantirishga yoki tegishga urinmaslik lozim. Keskin harakatlar qilmay, uzoqlashish va zudlik bilan hayvon ovlash xizmatiga xabar berish zarur.
Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar solsak, Janubiy Amerikada Chili davlati itlar orqali yuqadigan quturish kasalidan to‘liq xoli bo‘lgan mintaqa sifatida e’tirof etilib, bunday natijaga qat’iy davlat siyosati, hayvonlarni ommaviy emlash va mahalliy aholini xabardor qilish orqali erishilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va qator xalqaro tashkilotlar tashabbusi bilan Afrika, Osiyo va boshqa mintaqalarda hayvonlarni ommaviy emlash, hududlardagi populyatsiyani nazorat qilish hamda bolalar va mahalla aholisi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish orqali kasallik o‘choqlarini keskin kamaytirishga erishilmoqda. Masalan, ayrim joylarda atigi bir necha kun davomida minglab itlar qamrab olinib, immunitet hosil qilingani va bu orqali insonlar o‘limining oldi olingani ilmiy jihatdan isbotlangan. Qiziqarli va foydali ilmiy faktlardan yana biri – jarohat olgan zahoti (tishlanganda) terini xo‘jalik sovuni va iliq suv bilan kamida 15 daqiqa davomida yaxshilab yuvishning o‘ziyoq sovun tarkibidagi ishqor hisobiga quturish virusini parchalab yuborib, inson hayotini saqlab qolishda muhim boshlang‘ich qadam hisoblanadi. Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti eskirgan nerv to‘qimasi asosidagi vaksinalardan voz kechib, zamonaviy, xavfsiz va yuqori samarali vaksinalarni qo‘llashni tavsiya etgan.
– Kasallikning dastlabki belgilari sifatida yara bitgan bo‘lsa-da, o‘sha joyda og‘riq, qichishish yoki achishish paydo bo‘lishi, tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, uyqusizlik, xavotir va tovush hamda yorug‘likka sezuvchanlikning ortishini ko‘rsatish mumkin. Ushbu alomatlar namoyon bo‘ldimi, demak, jarayon orqaga qaytmaydi va bemorni qutqarishning imkoni qolmaydi, – deydi Farhod Qurbonbekov. – Shu sababli, hayvon tishlaganda yoki tirnaganda zudlik bilan, birinchi 15 daqiqa ichida jarohatni sovunli suv bilan yaxshilab yuvish, antiseptik (yod, xlorgeksidin, peroksid) bilan ishlov berish va birinchi ikki soatdan kechiktirmay shifokorga murojaat qilish zarur. Quturishga qarshi vaksinani dastlabki 24 soat ichida olish uning samaradorligini ta’minlaydi. Vaksina travmatologiya punktlari yoki poliklinikalarda maxsus sxema asosida bir necha bor qilinadi. Hayvon tishlashi quturishdan tashqari qoqshol xavfini ham tug‘dirgani bois, odatda har ikki kasallikka qarshi emlash amalga oshiriladi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, vaksina olingandan so‘ng yengil og‘riq, qizarish yoki biroz isitma bo‘lishi tabiiy reaksiya hisoblanadi. Emlashga faqat og‘ir allergik holatlardagina monelik bo‘lishi mumkin, qolgan vaziyatlarda, jumladan, surunkali xastaliklar, homiladorlik yoki yengil shamollashda ham shifokor nazorati ostida emlash o‘tkaziladi, chunki quturishda tirik qolishning boshqa chorasi yo‘q.
Hududlarda daydi hayvonlarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik, it va mushuklarni o‘z vaqtida veterinariya idoralarida hisobga olib, quturishga qarshi emlatish, hayvonlarga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lish hamda kutilmaganda ko‘ngilsiz holat yuz bersa, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish orqali odamlarni ushbu dahshatli va bedavo kasallikdan asrash mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA