28 nafar sportchi muddatidan oldin talaba boʻldi
Nukusda nufuzli sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan sportchilarga muddatidan oldin oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻlganligini tasdiqlovchi guvohnomalar topshirildi.
Nukusda nufuzli sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan sportchilarga muddatidan oldin oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻlganligini tasdiqlovchi guvohnomalar topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommaviylashtirish, gʻolib sportchilarni va ularning murabbiylarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori boʻyicha respublika musobaqalarida birinchi oʻrinni, xalqaro musobaqalarda (Olimpiada oʻyinlari, Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida) birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallagan umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey bitiruvchilari oliy oʻquv yurtlariga test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonsiz qabul qilinadi.
Oʻtgan 2018-2019 oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 11 nafar bitiruvchi mana shunday baxtga muyassar boʻlgan boʻlsa, 2019-2020 oʻquv yilida 28 nafar sportchi oliy oʻquv yurtiga imtiyozli kirishga muvaffaq boʻldi. Bular asosan akademik eshkak eshish, badiiy va sport gimnastikasi, ogʻir atletika, erkin kurash, dzyudo, boks shaxmat, stol tennisi boʻyicha Oʻzbekiston chempionlari va xalqaro musobaqalarning sovrindorlaridir. Ulardan 17 nafari Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga, 10 nafari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga, bir nafari esa Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialiga imtiyozli kiradigan boʻldi.
– Koʻpchilik qobiliyatli yoshlar qatorida mana shunday imkoniyatga ega boʻlganimdan baxtiyorman, – deydi akademik eshkak eshish boʻyicha Oʻzbekiston chempioni Shahnoza Xalmuradova. – Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Bizga bildirilayotgan katta ishonchni oqlab, kelgusida Osiyo va jahon chempionatlarida munosib ishtirok etishga harakat qilamiz.
Tadbir yakunida sportchilarga maxsus guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi.