25 nafar nuroniyga sihatgoh yo‘llanmalari topshirildi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi Taraqqiyot mahallasida “yettilik” hamda nuroniylar bilan suhbatlashdi.
Mahallada amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilib, aholi turmush farovonligini oshirish, infratuzilmani yanada yaxshilash bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, ushbu manzilda joylashgan oyoq kiyim ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oilaviy korxona ishi ham o‘rganildi.

– Bu yerda “yettilik” faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilgani, haqiqiy fidoyi vakillarimiz ishlayotgani bizni quvontirdi, – dedi Qahramon Quronboyev. – Ayniqsa, mahalla raisining tashabbuskorligi, aholi muammolariga befarq bo‘lmay, ularni tizimli hal etib borayotgani, faol sa’y-harakatlari alohida e’tiborga loyiq. Hududdagi mahallalarda ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgani sababli “Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Hazorasp tumani tajribasi”ni joriy etish va keng ommalashtirish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, Taraqqiyot mahallasida o‘quv markazi va “Vorkaut” maydonchasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Uchrashuv yakunida mahallalar ravnaqi yo‘lida “yettilik” safida yelkama-yelka faoliyat yuritayotgan 25 nafar nuroniyga “Navbahor” sihatgohiga yo‘llanmalar topshirildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri