223 nafar ayolga “himoya orderi” berilgan
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish eng dolzarb masalalardan biridir.
Bu borada “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda bir qator qaror va farmoyishlar muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova boshchiligidagi ishchi guruh Farg‘ona viloyatidagi O‘zbekiston tumanida ushbu qonun va qonunosti hujjatlarining ijro etilishi holatini o‘rgandi.
Ishchi guruh a’zolari, tuman hokimi hamda soha mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalari va boshqa joylarda tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlar, bunda huquqni himoya qilish va boshqa davlat organlarining vazifalari, shu kungacha bajarilgan ishlar tahlil etilib, kelgusidagi muhim vazifalar belgilandi.
O‘rganishlar davomida tumanda ayollariga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirish borasida mas’ullar tomonidan tizimli ishlar olib borilayotganiga e’tibor qaratildi. bugungi kunda O‘zbekiston tumanida 223 nafar tazyiq hamda zo‘ravonlikni boshidan o‘tkazgan ayollarga “himoya orderi” berilgan.

Ishchi guruh a’zolari Jamanjar qishlog‘ida joylashgan “Marhamatxon” ustoz-shogird kasb-hunarga o‘qitish markazi, “Qirqketmon” mahallasi hamda 16-umumta’lim maktablarida bo‘lib, shu yo‘nalishda tashkil etilayotgan ishlar, xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida xotin-qizlar, mahalla va muassasalar vakillari bilan suhbatlashilib, ularning murojaat va takliflari ham o‘rganildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA