22-sentabr — Xalqaro avtomobilsiz harakatlanish kuni
Yer sayyorasida atmosfera havosining keskin ifloslanib borishi, iqlim o‘zgarishi, tabiiy muhitlarning kamayishi kabi o‘tkir ekologik muammolar insoniyatni tabiat bilan hisoblashishga, uni asrash uchun zarur choralarni ko‘rishga chorlamoqda.
Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida Xalqaro avtomobilsiz harakatlanish kunidir. Ushbu g‘oya kecha yoki bugun paydo bo‘lmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1950-yillarning o‘zida ayrim mamlakatlarda avtomobilsiz kunlar tashkil etilgan. Masalan, 1956–1957-yillarda Niderlandiya va Belgiyada avtomobilsiz yakshanbalar o‘tkazilgan. Keyinchalik 1990-yillarda Yevropaning turli shaharlarida bunday tashabbuslar yana ommalasha boshladi.
1999-yilda Yevropada xalqaro avtomobilsiz kunning dastlabki loyihalaridan biri amalga oshirildi. 2000-yil 22-sentabrda esa Yevropa avtomobilsiz kuni keng miqyosda o‘tkazildi. Keyinchalik bu tashabbus Yevropadan tashqaridagi ko‘plab mamlakat va shaharlarga ham tarqaldi.
Shu tariqa Xalqaro avtomobilsiz harakatlanish kuni yoki Butunjahon avtomobilsiz kuni har yili 22-sentabr kuni nishonlanishi an’anaga aylanib bormoqda. Bu kunning asosiy g‘oyasi — odamlarni hech bo‘lmaganda bir kun avtomobildan kamroq foydalanishga, uning o‘rniga piyoda yurish, velosiped, metro, avtobus va boshqa ekologik transport vositalaridan foydalanishga undashdir. Shu orqali atmosfera musaffoligiga hissa qo‘shish, tabiatni asrashga ko‘maklashish maqsad qilingan.
Olimlarning tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, atmosfera havosiga chiqariladigan zaharli gazlarning katta qismi avtotransportlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Birgina Toshkent shahrida bir kunda 700 mingga yaqin avtomobil harakatlanadi. Poytaxt atmosferasiga chiqariladigan zaharli gazlarning 93 foizi ayni shu avtomobillardan chiqadi. Avtomobillar yonilg‘i yoqishi natijasida atmosferaga turli zararli moddalarni chiqaradi. Avtomobillar sonining kamayishi esa transportdan chiqadigan chiqindilarni kamaytirishga yordam beradi.
Demak, bir kun bo‘lsa-da, avtomobilsiz, piyoda yursak, velosiped yoki jamoat transportlaridan foydalansak, ona tabiatimizni, atmosfera havosini juda katta zaharlanishdan asragan bo‘lamiz.
Bundan tashqari, piyoda yurish va velosipedda harakatlanish kundalik jismoniy faollikni oshiradi. Shu sababli avtomobilsiz kun faol hayot tarziga e’tibor qaratish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun ham imkoniyat yaratadi.
Katta shaharlarda avtomobillar ko‘pligi tirbandlikni kuchaytiradi. Avtomobildan kamroq foydalanish esa yo‘llardagi transport bosimini kamaytiradi.

Avtomobillar nafaqat havoni ifloslantiradi, balki shahar shovqinining ham muhim manbalaridan biri hisoblanadi. Avtomobilsiz hududlarda esa shovqin kam, ko‘chalar odamlar uchun sokin va qulayroq bo‘ladi.
Ushbu xalqaro sanada turli mamlakat va shaharlarda piyoda yurish aksiyalari, velosiped sayrlari, jamoat transportidan foydalanishni targ‘ib qilish, ayrim ko‘chalarni avtomobillar uchun vaqtincha yopish, ekologik aksiyalar, sport tadbirlari, bolalar va yoshlar uchun ekologik mashg‘ulotlar, ochiq havoda madaniy tadbirlar, shahar muhitini yaxshilash bo‘yicha loyihalar tashkil qilinadi.
Mamlakatimizda ham avtomobilsiz kun tashabbusiga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda.
Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi avtotransport vositalaridan atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni kamaytirish, ekologik barqaror muhitni shakllantirish, shuningdek, jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat.
Bir so‘z bilan aytganda, Xalqaro avtomobilsiz harakatlanish kuni ekologik va ijtimoiy tashabbus sifatida odamlarni avtomobildan kamroq foydalanish va piyoda yurish, velosiped hamda jamoat transporti kabi barqaror harakatlanish usullarini tanlashga chaqiradi. Bizning bu tanlovimiz esa havo sifati, tabiat musaffoligi, shahar shovqini, tirbandlik kabi masalalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Havoni ifloslanishdan himoya qilish aholi salomatligini asrab-avaylashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA