2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti: soliq yukini oshirmaslik va ijtimoiy yo‘nalishlarga ustivorlik
Davlat byudjeti mamlakatning eng muhim moliyaviy hujjati bo‘lib, fuqarolarning, barcha davlat boshqaruvi organlarining va tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini ifodalaydi.
Davlat byudjetini shpkllantirish va uning ijrosi mamlakatning iqtisodiy holatini, aholining ijtimoiy himoya tizimini va ayniqsa hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish darajasini o‘zida namoyon etadi.
Davlat byudjetining shakllantirish asoslari.
2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va uning daromadlari va xarajatlari, byudjet taqchilligi miqdorlari dunyoda kechayotgan ziddiyatlar, mamlakatlar orasida davom etayotgan mojarolar natijasida savdo-iqtisodiy aloqalar hamda logistika sohasida yuz berayotgan uzilishlarni salbiy ta’siri, shuningdek jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar mamlakatimiz iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish kabi omillarni e’tiborga olgan holda hisob-kitob qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2025 yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda 2026 yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini 6,6 foiz darajasida ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 mlrd dollardan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trln so‘m yo‘naltirish, inflyatsiyani 7 foizdan ortiq bo‘lmagan darajada saqlab qolish vazifasi belgilangan edi.
Shuningdek, 2026 yil uchun byudjetni shakllantirishda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirish belgilandi hamda shundan kelib chiqib byudjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.
Mamlakatimizda 2025 yil yakuni bilan yalpi ichki mahsulotning hajmi 7 foiz miqdorda o‘sishi kutilayotgan bo‘lsada, 2026 yilda yuqorida aytilgan omillar va risklarni hisobga olgan holda 6,6 foiz o‘sish prognoz qilinmoqda.
Daromadlar manbai va xarajatlarning yo‘nalishlari.
Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, yalpi ichki mahsulotning o‘sish suratlari va soliq-byudjet siyosatidagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, 2026 yilda konsolidiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlari esa 567,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Shu hisob-kitoblardan kelib chiqib byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,0 foiz miqdordan oshirmaslik rejalashtirilgan. Davlat byudjeti daromadlari 368,9 trln so‘m, xarajatlari esa 402,6 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.
Davlat byudjetining ijtimoiy yo‘naltirilganligi va daromadlar prognozidan kelib chiqqan holda 2026 yil uchun konsolidatsiyalashgan byudjet xarajatlari 567,6 trln so‘m, Davlat byudjeti xarajatlari esa 402,6 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.
Shuni alohida qayd etish lozimki, kelgusi yil byudjetida ham ijtimoiy soha xarajatlari salmoqli ulushni tashkil etadi. Xarajatlarning 54,7 foizdan ortig‘i yoki 220 trillion so‘m ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi nazarda tutilmoqda.
Bunda maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi belgilangan davlat dasturlarini amalga oshirish uchun joriy yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘p, sog‘liqni saqlash sohasidagi belgilangan davlat dasturlarini amalga oshirish uchun esa joriy yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘p mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Tashabbuslarni moliyaviy qo‘llash.
Kelgusi yilda “Tashabbusli byudjet” dasturi uchun 6 trillion so‘m mablag‘lar rejalashtirilmoqda. Bunda, deputatlar tashabbusi amaliyotini joriy qilish uchun hamda loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sherikchilik asosida “birgalikda moliyalashtirish” amaliyoti uchun mablag‘lar ajratilishi nazarda tutilgan.
Ushbu mablag‘ hisobidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining barcha deputatlariga har mavsumda bittadan loyihani qo‘shimcha ravishda g‘olib sifatida tanlash imkoniyati beriladi.
Shuningdek, “birgalikda moliyalashtirish” amaliyoti doirasida agar fuqarolar loyiha qiymatining 50 foizini ixtiyoriy ravishda moliyalashtirsa, qolgan 50 foiz qismi byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mahalliy byudjetlarning daromad manbai kengayadi.
Mahalliy byudjetlarning mustaqilligini kuchaytirish va ularning daromad manbaini kengaytirish maqsadida qator chora-tadbirlar belgilangan.
Jumladan, mahalliy byudjetlar balansliligini ta’minlash maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan, foyda solig‘idan va alkogol mahsulotlaridan tushumlarning mahalliy byudjetlar uchun o‘tkazib beriladigan qismlari qayta ko‘rib chiqilgan va qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldirish nazarda tutilgan.
Shu bilan, birga kelgusi yil uchun respublika byudjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjetiga va viloyatlarning mahalliy byudjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorlari 19,7 trln so‘mni tashkil etmoqda.
Samarali soliq va byudjet siyosati davlat byudjetining bajarilishi uchun asosiy mezon.
2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti ijrosini samarali ta’minlash albatta kedgusi yil uchun tasdiqlanadigan soliq va byudjet siyosatiga bevosita bog‘liq.
Davlat byudjetining 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy parametrlari va Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan V Ochiq muloqolari hamda Farmon va Qarorlarida belgilangan yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda 2026 yilning soliq va byudjet siyosatida muhim yangiliklar nazarda tutilgan.
Moliyaviy javobgarlik choralarini kamaytiri va erkinlashtirish.
Jumladan, soliq to‘lovchilarga bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlarini taqdim etishni kechiktirganlik uchun bitta jarima qo‘llash normasi kiritilmoqda.
Shu bilan birga, soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarima miqdorini kichik tadbirkorlik sub’ektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 3 baravariga, fuqarolar uchun esa 3 baravaridan 1 baravariga kamaytirilmoqda.
Shuningdek, oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’ektlariga soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarimani 5 kungacha qo‘llamaslik normasi kiritilmoqda.
Soliq munosabatlarini va soliq ma’murchiligini shaffofligini ta’minlash borasida ham qator o‘zgartirishlar nazarda tutilgan.
Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tovarlar (xizmatlar)ni hisobvaraq-faktura orqali xaridorlarga realizatsiya qilish imkoniyatini joriy etilishi, ularni barcha toifadagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish orqali mahsulotlarini sotish bozorini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasining amal qilishini 30 kundan ortiq bo‘lgan muddatga to‘xtatib turishni faqatgina sud tartibida amalga oshirish normasi kiritilmoqda.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lashga o‘tgan soliq to‘lovchilarga 1 yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi.
Soliq ma’murchiligi soddalashadi.
Shuningdek, 2026 yilning soliq byudjet siyosatida soliq to‘lovchilar uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirish va shaffofligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, mol-mulk, yer solig‘i, jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, qo‘shilgan qiymat va aylanmadan olinadigan soliq hisobotlarini soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantirib berish tartibini joriy etilishi tadbirkorlar va fuqarolar uchun vaqtni tejash, xatoliklarni oldini olish va soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarilishiga zamin yaratadi.
Soliq to‘lovchilar uchun sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha hisoblangan moliyaviy sanksiyalar summasini 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash imkoniyatini taqdim etilishi esa, ularga o‘z aylanma mablag‘laridan samarali foydalani imkoniyatini yaratadi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish jarayonlarini qisqartirish va ayrim to‘siqlarni oldini olish maqsadida aylanmasi 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan, soliq xavfi o‘rta darajadagi tadbirkorlik sub’ektlarini soliq maslahatchilari va auditorlik tashkilotlari xulosasi asosida ixtiyoriy tugatish tartibini joriy qilish nazarda tutilgan.
Tekshiruvlar qisqarmoqda.
Soliq to‘lovchilarni vaqtini olmaslik maqsadida kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan davrda aynan bir xil holat bo‘yicha qayta kameral soliq tekshiruvi hamda soliq auditi o‘tkazilgan yoki o‘tkazilayotgan davrda tekshiruvdan oldingi tahlil o‘tkazmaslik tartibi belgilangan.
Shuningdek, soliq so‘lovchilar va soliq idoralar orasida ayrim yuzaga kelishi mumkin nizoli holatlarini oldini olish uchun soliq to‘lovchiga sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasini shaxsiy kabinetga elektron tarzda yuborilgan kunini ham sayyor soliq tekshiruvi muddatining tugashi deb hisoblash normasi kiritilgan.
Samarali soliq imtiyozlarining amal qilish muddatlari uzaytirilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining ayrim sohalariga berilgan soliq imtiyozlari va qulayliklar o‘z samarasini bermoqda va eksport salohiyatini oshishiga xizmat qilmoqda, shundan kelib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlariga ayrim vaqtinchalik soliq imtiyozlari va qo‘shimcha yengilliklar taqdim etish va ularning amal qilish muddatlarini uzaytirish nazarda tutilmoqda.
Xususan, bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratuvchilarni hamda Bolalar kontentini rivojlantirish markazini hamda milliy film va seriallar ishlab chiqaruvchilar uchun 2030 yil 1 yanvargacha qadar foyda solig‘idan ozod qilish va ularga ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorda qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda realizatsiya qiluvchilarga 2028 yil 1 yanvarga qadar foyda solig‘i va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida, shuningdek, paxta to‘qimachilik klasterlari, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalariga 2028 yil 1 sentyabrga qadar hamda issiqxona xo‘jaliklariga 2029 yil 1 yanvarga qadar ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorda qo‘llash belgilanishi mahsulotlarni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantiradiva mahalliy mahsulotlar eksporti hajmini ko‘paytirishga xzmat qiladi.
Mahalliy sanoat korxonalarining ishchilarni tashish va ovqatlantirish bilan bog‘liq xarajatlaridan har bir xodim uchun 1 oyda bir bazaviy hisoblash miqdorigacha bo‘lgan qismini ijtimoiy soliq bazasidan kamaytirish normasini kiritilishi ushbu tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy sohadagi faoliyatini rag‘batlantiradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasini 2026 yil uchun davlat byudjeti aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish salmog‘i va sifatini oshirish, investitsion faollikni hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, soliq va byudjeti siyosatidagi yangi normalar soliqlarni yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va soliq ma’murchiligini shaffofligini ta’minlashga va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Erkin Gadoyev,
Senator