2019 yilda dunyoni nima kutmoqda?
RIA Novosti kelayotgan 2019 yilda jahon sahnasida kutilayotgan siyosiy hodisalar oʻntaligini jamladi.
RIA Novosti kelayotgan 2019 yilda jahon sahnasida kutilayotgan siyosiy hodisalar oʻntaligini jamladi. Ularning ayrimlari bilan tanishtiramiz.
Agentlikka koʻra, yangi yilda Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etishi, AQSH Rossiya bilan tuzilgan oʻrta va kam masofali raketalarni yoʻq qilish shartnomasidan chiqishi, Suriyadagi vaziyatni siyosiy tartibga solishda jiddiy siljish boʻlishi, Afgʻoniston bilan “Tolibon”ning toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralari kabi siyosiy voqealar katta ehtimol bilan yuz berishi mumkin.
Xayr Yevropa Ittifoqi, Xayr!
Mana ikki yildirki, Buyuk Britaniya Bryussel bilan YEIdan chiqish shartlari boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Ayni jarayon 2019 yilning 29 martida oʻz avj nuqtasiga chiqadi. Boisi ushbu sanada London YEIni rasman tark etadi. Ammo bu muddatgacha “Breksit” qanday amalga oshishi hozircha tushunarsiz boʻlib turibdi.
Noyabr oyida Britaniya hukumati “Breksit” shartlari boʻyicha YEI bilan kelishuv loyihasini tasdiqladi. Mazkur hujjat fuqarolar huquqlari, moliyaviy tartibga solish, oʻtish davri, Irlandiya chegarasi kabi masalalarni qamrab olgan boʻlib, hammasi hal boʻlgandek edi goʻyo. Biroq, muammolar endi boshlangan koʻrinadi.
Koʻplab britaniyaliklar Tereza Mey hukumatini muzokaralarda Bryusselga yon berdi, deb hisoblamoqda. Natijada hukumatga ishonchsizlik bildirildi. Bu ham yetmagandan koʻplab amaldorlar hukumatni tark etdi, xususan “Breksit” masalalari boʻyicha vazir isteʼfo berdi.
Ushbu vaziyatda Britaniya hukumati rahbari YEI bilan kelishuvni parlamentga ovozga qoʻyishni nomaʼlum muddatga qoldirdi. Meyning vaʼdasiga koʻra, u Yevrokomissiyani “Breksit” shartlariga ayrim oʻzgartishlar kiritishga ishontirishga harakat qiladi. Ammo, Bryussel yaqqol tushuntirib qoʻydiki, yo kelishuv oʻzgarishsiz qoladi yo umuman boʻlmaydi.
Ayni vaqtda Buyuk Britaniyada “Breksit” boʻyicha yangi referendum oʻtkazish tarafdorlari kuch toʻplashga kirishgan. Agar Britaniya parlamenti YEI bilan kelishuvga ovoz bermasa, kelasi yilda referendum yana qayta tashkil etilishi yoki “YEI dan qatʼiy chiqish” yuz berishi mumkin. Agar ikkinchi voqea sodir boʻlsa, Britaniya siyosiy inqiroz va jiddiy moliyaviy yoʻqotishlarga duch kelishi aniq.
Qurollanish poygasi boshlanadimi?
Global xavfsizlik sohasida insoniyatni nima kutayotgani aniq emas. Ammo, AQSH bilan Rossiyaning oʻrta va kam masofali raketalarni yoʻq qilish boʻyicha shartnomasining nomaʼlum kelajagi global xavfsizlikka taʼsir qiluvchi asosiy salbiy omillardan biri boʻlishi mumkin.
Ushbu hujjat 1987 yilda imzolangan boʻlib, uning majburiyatlari doirasida tomonlarga oʻrta va kam masofali ballistik, qanotli raketalar, ularning infratuzilmalarini yoʻq qilishi yuklatilgan. Kelishuv muddatsiz xarakterga ega, ammo soʻnggi vaqtlarda Moskva va Vashington bir-birini shartnoma qoidalariga rioya qilmaslikda ayblamoqda.
Ekspertlar fikriga koʻra, agar shartnomani buzish jarayoni haqiqatda boshlansa, 2019 yil qurollanishning global tusdagi yangi poygasiga eshik ochadi.
Suriya uchun uzoq kutilgan siyosiy hodisa
2019 yilda Suriyadagi vaziyat siyosiy jihatdan tartibga kelishi kutilmoqda. Yaʼni, yangi yil boshida Suriyada konstitutsiyaviy qoʻmitaning birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Bu boʻyicha kafolat beruvchi mamlakatlar - Rossiya, Eron va Turkiya 18 dekabrda Jenevada BMT Bosh kotibining maxsus elchisi Staffan De Mistura bilan kelishuvga erishdi. Komissiyani shakllantirish jarayoni deyarli nihoyasiga yetgan, faqat uning tarkibi boʻyicha masala hozircha yechilmagan. BMT va kafolat beruvchi davlatlar bu borada turlicha fikrlarga egaligi uchun, muzokara nihoyasiga yetmay turibdi.
“Tolibon” fonidagi saylovlar
2019 yilda Afgʻoniston prezidentligiga saylovlar oʻtkaziladi. Mazkur yirik siyosiy tadbir 20 aprelga belgilangan boʻlib, boshqa muddatga qoldirilishi mumkin, degan ehtimol ham yoʻq emas.
Afgʻonistonning asosiy muammolardan biri - bu ziddiyatli tomonlarning murosaga kelmayotgani boʻlib turibdi. Xususan, hukumat tomonidan “Tolibon”ni murosaga keltiradigan aniq takliflar hali ishlab chiqilmagan. Ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatilmagan, teraktlar, janglar davom etmoqda.
Shunday boʻlsa-da, yakunlanayotgan 2018 yil Afgʻoniston muammosi boʻyicha aniq yechimlarga kelishdagi jiddiy qadamlar yili sifatida tarixga kirdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Afgʻoniston masalasi boʻyicha Toshkentda yirik anjuman oʻtkazildi. Shuningdek, Moskvadagi konferensiyada “Tolibon” vakillari ilk bor qatnashib, Qobul delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Umuman, shu kabi voqealarga asoslanib aytish mumkinki, kelayotgan 2019 yilda Afgʻoniston hukumati bilan “Tolibon” oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar boshlanishi ehtimoli bor.