20 ta yangi mikroavtobus aholi xizmatida
Aholiga qulay, xavfsiz va zamonaviy transport xizmatini taqdim etish maqsadida Yakkabog‘ tumanida yana bir muhim tashabbus amalga oshirildi. Jumladan, tumanga 20 dona yangi “Shineray” rusumli mikroavtobuslar olib kelindi.
Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur loyiha tadbirkor Dilshod Badalov rahbarligidagi “Xiyobon yo‘llari” MCHJ tashabbusi bilan amalga oshirildi. Har biri 11 o‘rinli bo‘lgan mazkur mikroavtobuslar 18,5 ming AQSH dollari qiymatida bo‘lib, ular GPS navigatsiya tizimi, avtoregistrator, konditsioner va boshqa zamonaviy talablarga javob beradigan qulayliklar bilan jihozlangan.
Ta’kidlash joizki, mazkur transport vositalari nafaqat qulaylik, balki xavfsizlik va ishonchlilikni ham ta’minlaydi.

Yangi mikroavtobuslarning taqdimot marosimida Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev so‘zga chiqib, loyihaning ahamiyatini quyidagicha ifoda etdi:
– Fuqarolarimiz uchun qulaylik yaratish – Prezidentimiz boshchiligidagi biz rahbarlarning ustuvor vazifamizdir. Bu kabi loyihalar aholining kundalik hayotini yengillashtirish, ichki va tashqi turizm salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega, – dedi tuman rahbari.
Endilikda mazkur mikroavtobuslar tumanning turli yo‘nalishlarida harakatlanib, aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish bilan birga, turizm infratuzilmasini rivojlantirishda ham muhim rol o‘ynaydi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri