2 martdan Samarqandda turizm mavsumi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida “Samarqand – turizm markazi” shiori ostida tashkil etilgan madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar viloyat musiqali drama teatri oldidagi maydondan boshlandi.
Odatda, yurtimizda bahor va kuz oylari sayyohlik uchun qulay fursat hisoblanadi. Soha vakillari bu paytlarni turizm mavsumi, deb nomlashadi. Mavsum chog‘ida sayyohlik ob’ektlari, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalari mahalliy va xorijlik turistlar bilan har qachongidan ko‘ra gavjum bo‘ladi. O‘tgan yil boshlangan pandemiya sayyohlikka ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Lekin bugun boshqa sohalar qatori bu tarmoq ham sekin-asta izga tushmoqda. Balki shuning uchun Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti bu yilgi turizm mavsumi boshlanishini bayramdek boshladi va ommaviy tadbirlar uyushtirdi.


O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida “Samarqand – turizm markazi” shiori ostida tashkil etilgan madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar viloyat musiqali drama teatri oldidagi maydondan boshlandi.
Teatr jamoasining chiqishi, samarqandlik taniqli xonandalarning kuy-qo‘shiqlari, turli tanlov va viktorinalar, shoular bir zumda aholini shu yerda jamladi. Samarqand viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nurullayev mehmonlarni yangi mavsum bilan qutladi.


– Samarqandda turizm mavsumi avvalo viloyat ahli va mehmonlar uchun qator chegirma va imtiyozlar bilan boshlandi, – dedi B.Nurullayev. – Bugun Samarqanddagi barcha tarixiy obidalarga kirish bepul. Navro‘z bayrami kunlari mahalliy aviareyslarda 50 foiz, temiryo‘l transportida 15 foiz chegirmalar beriladi. Shuningdek, bu yil viloyatimizda bir qator yangi turistik yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi. Ziyorat turizmi uchun keng imkoniyat va qulayliklar yaratilmoqda.
Tadbir ishtirokchilariga lotereya o‘yinlari va viktorinalarda qatnashib, yurtimiz bo‘ylab sayohat chiptalariga ega bo‘ldi.
Samarqand shahridagi sayyohlik ob’ektlari, tarixiy obidalarda ham turli madaniy dasturlar namoyish etildi.
Xullas, bu yilgi mavsum har qachongidan o‘zgacha boshlandi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA