Voleybolchilar O‘zbekiston kubogi uchun kurashmoqda
Bugun, 8-oktabr kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” va Yunusobod tumanidagi voleybol sport majmuasida ayollar hamda erkaklar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari boshlandi.
Kecha O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev, bosh kotib Farhod Alimov, jamoalarning rahbarlari, murabbiy va hakamlar ishtirokida kubok musobaqalari oldidan qur’a tashlash marosimi, texnik qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, erkaklar jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar “Olimpiya shaharchasi”da, ayollar o‘rtasidagi o‘yinlar Yunusobod tumanidagi 1-son sport maktabi voleybol zalida o‘tkazilishi belgilandi.
Bugun “Olimpiya shaharchasi” voleybol zalidagi dastlabki tur o‘yinlarida Xorazm jamoasi “Afrosiyob” voleybolchilarini 3:0, “Xumo” vakillari “Road Patrul” voleybolchilarini 3:1, "SamDPI” jamoasi “NamDU”ni 3:0, "NamDTU” jamoasi Toshkent vakillarini 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
Mamlakat kubogi musobaqalari 14-oktabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA