“19th Agzamov Memorial” turnirida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi
Poytaxtimizda o‘n kun davomida mahoratli shaxmatchilar ishtirokida o‘tkazilgan “19th Agzamov Memorial” turnirining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Shiddatli o‘tgan musobaqaning “A” guruhida ishtirok etgan 101 nafar ishtirokchi orasida turnirda birinchi raqamda tasniflangan armanistonlik Xayk Martirosyan kutilganidek yetakchilikni saqlab qoldi.

So‘nggi 10-turda Martirosyan FIDE bayrog‘i ostida harakatlangan Nikita Afanasev bilan kuch sinashib, durangga erishdi va ochkolari sonini 7,5 taga yetkazib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga turnir g‘olibiga aylandi.
Aytish lozim, Armaniston vakili 10 ta tur davomida 5 ta g‘alaba, 5 ta durang natija qayd etdi. 2-o‘rinni band etgan FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashgan Artyom Uskov oxirgi turda qora donalarda hindistonlik Abximanyu Puranikni mag‘lub etdi.

3-o‘rin Abdumalik Abdusalimovga nasib etdi. Suyarov, o‘z navbatida 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 6-o‘rinni band qildi.
Turnirning “B” guruhida dona surgan 229 nafar ishtirokchi orasida qirg‘izistonlik Sultay Chingis 8,5 ochko bilan 1-o‘rinni, shuningdek 8,5 ochko jamg‘argan hamyurtimiz Umar Isomov 2-o‘rinni hamda 8 ochko to‘plagan Janpolat Turksoi (Qirg‘iziston) 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Turnirning “A” guruhida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 10 ming, 2-o‘rin sohibi 7 ming 500 va 3-o‘rinni egallagan ishtirokchi 6 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, ushbu guruhda 15-pog‘onagacha hamda “B” guruhida sovrinli o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar, ayollar hamda yoshlar toifasida munosib natija qayd etganlar tegishli tartibda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA