18,3 gektar yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan
Ma’lumki, Kadastr agentligining asosiy vazifalaridan biri bu yer va kadastr nazorati tadbirlarini amalga oshirish hisoblanadi. Yerdan foydalanish va xususiylashtirishning o‘ziga xos tartib-taomillari aniq belgilangan bo‘lsa-da, qonun talablarini chetlab o‘tib, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari, afsuski, hali hamon uchrab turibdi.
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Mahmudjon Azimov bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi va uning tumanlardagi bo‘lim xodimlari tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida 2026-yilning o‘tgan 6 oyida 1 ming 376 ta holatda 18,3 gektar yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan. Eng ko‘p huquqbuzarlik poytaxtimizning Sergeli, Yakkasaroy, Olmazor hamda Shayxontohur tumanlarida qayd etilgan.
Kadastr xodimlari tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalar, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 839 ta holatda 9,6 gektar yer qonunbuzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishiga erishilgan.
O‘z vaqtida bartaraf etilmagan holatlar yuzasidan kadastr xodimlari keyingi choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi. Keyingi chora esa sudlarga da’vo arizalarini kiritish. Shunga ko‘ra, yer uchastkalarini qaytarish va ularda qurilgan imoratlarni bartaraf etish bo‘yicha 415 ta holatda 9 gektar yer maydoni bilan bog‘liq holatlar yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Yuqoridagi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan holatlar O‘zbekiston Respublikasining 937-son qonuni talablariga mutanosib bo‘lmagani uchun ham ushbu joylarda yer va kadastr nazorati tadbirlari amalga oshirilgan.
Qo‘shimcha o‘rnida, 937-sonli qonunning asosiy maqsadi — 2018-yil 1-mayga qadar huquqiy hujjatsiz yoki ajratilgan maydondan ortiqcha yerni o‘zboshimchalik bilan egallab, yakka tartibda uy-joy qurgan fuqarolarning huquqlarini e’tirof etishdan iborat. Mazkur Qonun 2018-yil 1-maydan keyin sodir etilgan qonunbuzilish holatlarini qamrab olmaydi.
Ikkinchidan, yer nazorati tadbirlari 2018-yildan keyin egallab olinganligi yaqqol aniq bo‘lgan va tasdig‘ini topgan holatlar yuzasidan olib boriladi. Bu toifadagi qurilmalarni aniqlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 155-sonli farmoniga asosan “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik monitoring orqali amalga oshiriladi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kadastr agentligining “E-yer nazorat” avtomatlashtirilgan tizimiga integratsiya qilinadi. Agentlik inspektorlari aynan ushbu aniq dalillar va tahliliy ma’lumotlarga tayangan holda nazorat tadbirlarini olib boradi.
Har bir qarich yerdan qonuniy, oqilona va maqsadli foydalanish barchamizning burchimiz. Zamonaviy texnologiyalar asrida yerga oid hech qanday qonunbuzilish holatini yashirib bo‘lmaydi. Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan noqonuniy qurilishlarni amalga oshirmaslik hamda yer uchastkalaridan faqat qonunchilikda belgilangan maqsadlarda foydalanishlarini so‘rab qolamiz.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA