17 mingdan ortiq holatda karantin qoidalari buzilgan
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, karantin tadbirlari eʼlon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar respublikamiz boʻyicha karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bogʻliq 17 ming 668 holat aniqlangan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, karantin tadbirlari eʼlon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar respublikamiz boʻyicha karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bogʻliq 17 ming 668 holat aniqlangan.
Eng koʻp Toshkent shahrida qayd etilgan (3073). Fargʻona viloyatida 2179, Toshkent viloyatida 1809, Samarqand viloyatida 1767, Jizzax viloyatida 1350, Namangan viloyatida 1327, Surxondaryo viloyatida 1127, Andijon viloyatida 1065, Qashqadaryo viloyatida 1005, Buxoro viloyatida 792, Sirdaryo viloyatida 742, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 629, Xorazm viloyatida, 526, Navoiy viloyatida 257 holat kuzatilgan.
31-mart kuni Namangan shahar Irvodon mahallasida yashovchi A.V., Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani Andijon mahallasida yashovchi D.B. hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumani Nazarxon ovulida yashovchi U.K. jamoat joyida tibbiy niqobsiz yurganligi aniqlanib, maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Shu kuni 11:30 larda Andijon viloyati Jalaquduq tumani Kattapolvon mahallasida yashovchi Z.I. karantinga olingan boʻlsada, karantin joyini oʻzboshimchalik bilan tashlab ketgani aniqlanib, tegishli chora koʻrilgan.
Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan joriy yilning 29-31-mart kunlari Toshkent shahri hududida oʻtkazilgan tadbirlar davomida jami 27107 transport vositasi tekshiruvdan oʻtkazilib, 1912 holatda haydovchilar tomonidan turli koʻrinishdagi qoidabuzarliklar sodir etilgani aniqlangan.
Ulardan 766 tasi karantin qoidalarini buzish bilan bogʻliq boʻlib, qoidabuzarlarga tegishli 545 avtotransport vositasi belgilangan tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.