14 ming gektar yer suv bilan ta’minlanadi
Aholining turmush darajasini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 7 maydagi “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida” gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga asosan, Jizzax viloyati Zomin tumanida yirik irrigatsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Tumandagi “Zomin-2”, “Laylak uya” va “Iqbol” kabi suv iste’molchilari uyushmalari hududini qamrab olgan ushbu loyiha orqali 14 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror suv bilan ta’minlash maqsad qilingan. Bu esa hosildorlikni oshirish, aholi bandligini ta’minlash va agrar salohiyatni yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunga kelib, loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi: 24 kilometr magistral suv quvurlari tortilib, shundan 15,4 kilometri yangi quvurlardan, 8,6 kilometri esa ta’mirlanib, qayta izolyatsiya qilindi. Shuningdek, 1-ko‘tarmali nasos stansiyasi uchun soatiga 7 kub metr suv o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘lgan 935 metrlik kanal qurilishi to‘liq yakunlandi.
Bundan tashqari, diametri 1420 millimetr bo‘lgan ikki qator bosimli quvurlardan iborat 9,05 kilometrlik tarmoq tortilib, 1-ko‘tarmali nasos stansiyasi, suv to‘plash inshooti va yordamchi binolar bilan birga 5 ta nasos agregati o‘rnatildi va ular 72 soatlik sinovdan o‘tkazildi. 2-ko‘tarmali nasos stansiyasida ham xuddi shunday ishlar to‘liq bajarildi.
3-ko‘tarmali nasos stansiyasida diametrlari 820 va 1020 millimetr bo‘lgan bosimli quvurlar mos ravishda 3,7 va 8,6 kilometr masofagacha yotqizildi. Bu yerda 8 ta nasos agregati o‘rnatilib, sinov ishlari amalga oshirildi. Loyiha talablariga muvofiq, nasos agregatlarining texnik parametrlari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan muvofiqlashtirildi va 18 ta nasos agregati bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Ular qurilish maydoniga yetkazilib, suvsiz holda sinovdan o‘tkazish jarayonlari davom etmoqda.
Ob’ektlarni barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida ham zarur choralar ko‘rilmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 1-nimstansiyadagi qurilish ishlari to‘liq yakunlangan bo‘lsa, 2-nimstansiyada 98 foiz ishlar bajarilgan. Har bir nasos stansiyasi uchun 110/10 kVt li yangi nimstansiyalar qurish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, umumiy uzunligi 62,1 kilometr bo‘lgan kanallar bo‘yicha ham parallel ravishda loyihalash va qurilish ishlari olib borilmoqda. Hozirgacha 5,1 kilometr uzunlikda kanal uchun tuproqdan sun’iy ravishda asos va devorlar ko‘tarildi, 0,9 kilometr betonlash ishlari amalga oshirildi.
Qurilish jarayonlariga 292 nafar ishchi va mutaxassis, 48 ta maxsus texnika, jumladan, 11 ta ekskavator, 3 ta buldozer, 24 ta avtosamosval va 10 ta qo‘shimcha texnika jalb etilgan. Bu mahalliy aholi uchun ish o‘rinlari yaratilishida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng, Zomin tumanidagi qishloq xo‘jaligi yerlari uzluksiz suv ta’minotiga ega bo‘ladi. Bu esa agrar sohada iqtisodiy samaradorlikni oshirish, qishloq joylarda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, mazkur ishlar suv xo‘jaligida davlat siyosati darajasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarning amaliy ifodasidir.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri