107 yoshli Ravshanoy momoga «Shuhrat» medali topshirildi
Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, 100 yoshdan oshgan bir guruh faxriylar «Shuhrat» medali bilan taqdirlanishdi. Ular orasida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi «Paxtaobod» mahallasida umrguzaronlik qilayotgan, sakkiz nafar farzandni voyaga yetkazgan, bugun 90 nafar nevara, chevara va evara ardog‘idagi 107 yoshli Ravshanoy momo Muhammadiyeva ham bor.
Bayram arafasida viloyat hokimi o‘rinbosari Farohiddin Rahimov va tuman hokimi Komiljon Mullajanovlar onaxon xonadonida bo‘lishib, unga davlatimiz rahbari nomidan yuksak mukofot — «Shuhrat» medalini tantanali ravishda topshirishdi. Shuningdek, Ravshanoy momoga pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar ham taqdim etildi.
Ravshanoy momoning 107 yillik umrining salkam 50 yili cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, yangi yerlarni ochish va obod qilish ishlari bilan chambarchas bog‘liq. Qariyb 45 yil muqaddam nafaqaga chiqqan onaxon mehnat faoliyati davomida qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida — paxtachilik, bog‘dorchilik, chorvachilik va pillachilik sohalarida fidokorona mehnat qildi.

U tuman jamoa xo‘jaliklarida oddiy ishchi sifatida ishlab, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. O‘ziga biriktirilgan vazifalarni sidqidildan bajarishi, mehnatsevarligi, halolligi va to‘g‘riso‘zligi bilan qishloqdoshlari hurmatiga sazovor bo‘lgan.
Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi og‘ir sharoitda front ortidagi mehnatda faol ishtirok etgan. Qishloqdoshlari bilan birga erta tongdan kechgacha dalada mehnat qilib, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va el-yurt farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan.
Ko‘p yillik samarali mehnati va jamoat ishlaridagi faolligi uchun bir necha bor xo‘jalik rahbariyatining faxriy yorliq va tashakkurnomalari bilan taqdirlangan.
Ravshanoy momo sakkiz nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Bugun esa 90 nafar nevara, chevara va evarasi davrasida, ularning mehri va e’tiborini his qilib yashamoqda. Mahallada ham faol bo‘lgan onaxon yoshlarga hayotiy tajribalari haqida so‘zlab, ularni mehnatsevarlik, halollik va tinch-osoyishta kunlarning qadriga yetishga undaydi.

Mukofot topshirilgan kuni onaxonning quvonchi cheksiz bo‘ldi. U duoga qo‘l ochar ekan, avvalo, yurt tinchligi va el xotirjamligini tiladi.
— Biz, keksalarga alohida e’tibor qaratayotgan Prezidentimizga rahmat! Mukofotu sovg‘alardan boshim ko‘kka yetdi. Hozir yurtimiz tinch, mamlakatimiz obod. Ayniqsa, dasturxonlarimiz to‘kin. Bunga farzandlarimiz, nevara-chevaralarimiz bilan ming-million marta shukr desak arziydi. Chunki bizning bolalik va yoshlik yillarimiz hozirgi yoshlar, nevara va chevaralarimning hayotidan butunlay farq qiladi. O‘yin-kulgi qayerda edi? Bir burda non, qorinni to‘yg‘izish uchun nimalar qilmadik. Bugun esa hayot juda yaxshi. Qani edi, yana bir bor bola bo‘lib qolsam, — deydi quvonch bilan Ravshanoy momo.

Momo bugun ham hayotga mehr bilan qaraydi. Uningcha, insonni bardam tutadigan asosiy omillar — halol mehnat, harakat, sog‘lom turmush va yaqinlarining quvonchini ko‘rib yashash. Ammo barchasidan ustuni — yurt tinchligi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri