101 yosh bilan yuzlashgan otaxon
Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida Prezidentimiz Farmoniga muvofiq 100 yoshdan oshgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Ular orasida Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi 101 yoshli Achil bobo Teshayev ham bor.
Burjoq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi otaxonga mukofotni davlatimiz rahbari nomidan viloyat hokimi Botir Zaripov topshirdi. Shuningdek, pul mukofoti va bayram sovg‘alari ham tuhfa qilindi.
Otaxon e’tibordan ko‘ngli yayrab, duoga qo‘l ochar ekan, dorilamon kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukur aytib, odamlarning farovon yashashi yo‘lida xizmat qilayotgan davlatimiz rahbariyatiga sog‘lik-omonlik so‘rab, yurtga tinchlik, elga xotirjamlik tiladi.

Shundan so‘ng Botir Zaripov Achil bobo bilan dildan suhbatlashdi. Salomatligi bilan qiziqdi. Otaxon mehmonlarga bolalik, yoshlik va undan keyingi og‘ir yillar haqida o‘z xotiralarini so‘zlab berdi. Mustaqillikning keyingi yillarida ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun davlatimizga cheksiz minnatdorlik bildirdi.

– Bugungidek tinch-osoyishta, farovon hayot ko‘rmaganman. Yaratganga shukr, shunday kunlarni ko‘rish nasib etdi. Yoshlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar bor, to‘y ustiga to‘ylar bo‘lib turibdi. Iloyo, yurtimiz bundan ham farovon, yoshlarimiz baxtli bo‘lsin, – deydi Achil bobo.

Achil bobo Teshayev 1924 yilda tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini kolxozda oddiy ishchilikdan boshlagan otaxon kolxoz bosh hisobchisi, keyinchalik Jondor tumanidagi “Amir Temur” naslchilik xo‘jaligi ferma mudiri lavozimlarida ishlagan.

O‘tgan asrning eng murakkab davrlarida, ikkinchi jahon urushi paytidagi qahatchilik yillarida hamqishloqlari bilan birga g‘alla, pilla, chorva mahsulotlari yetishtirib, el-yurt farovonligi yo‘lida mehnat qilgan, frontga oziq-ovqat, kiyim-kechak yuborilishida ham alohida jonbozlik ko‘rsatgan.
O‘n uch nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan, el qatoriga qo‘shgan otaxon endilikda 39 nevara, 76 evara hamda 6 chevaraning sevimli bobosi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.